Markaziy bank bir muddat tanaffusdan so‘ng sezilgan inflyatsiya bo‘yicha yana sharhlarni eʼlon qilishni boshladi.
Mart oyi yakunlari bo‘yicha aholiga sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichi 15,7%ga yetgan (rasmiy inflyatsiyadan 5,2% yuqoriroq).
Hududlar kesimida olganda Sirdaryo (16,9%), Samarqand (16,7%) va Farg‘ona (16,7%) viloyatlarida inflyatsiya og‘irroq sezilgan.
Respondentlarning ko‘pchiligi, shuningdek, mart oyida shakar, yog‘, go‘sht va sut mahsulotlari qimmatlashganini yuqori darajada sezishgan.
Inflyatsiyaning zarbasi turli daromadlar guruhida ayniqsa turlicha sezilgan. Xususan, 2 million so‘mgacha daromadga ega aholi 15,7%lik oziq-ovqat inflyatsiyasini sezishgan bo‘lsa, 5 million so‘mdan ortiq daromadga ega boylar deyarli 2 barobar past 8,6%lik oziq-ovqat inflyatsiyasini his etishgan.
Ko‘p bora takrorlaganidek, inflyatsiya bu kambag‘allar uchun qo‘shimcha soliq va uning stavkasi O‘zbekistonda haddan tashqari yuqori.
Yana bir muammo shundaki, yuqori minbarlardan yangrayotgan shior va chaqiriqlarga qaramay, ijtimoiy tovarlar (go‘sht, tuxum, kartoshka, piyoz, sabzi, olma, guruch, un, obinon, yog‘ va shakar) narxi yuqori surʼatda qimmatlashishda davom etmoqda. Ijtimoiy tovarlar narxlari o‘sishi mart oyida 15,5%ga yetgan, bu rasmiy inflyatsiyadan 5%ga yuqori.
O‘zini ijtimoiy qiyofada ko‘rsatishga urinib kelayotgan o‘zbek chinovniklari narxlarni muvofiqlashtirishda tanlov, raqobatni va taklifni quvvatlashni emas, maʼmuriy, nazorat va cheklash choralarini muhim deb bilib keladi. Buni shu kunlarda bozorma-bozor yurib go‘yoki narxlarni rasta ustida nazorat qilayotgan selfichi hokimlarning va ularning piarchilari harakatlaridan ham ko‘rishingiz mumkin.