Mart oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 50 ming fuqaro qaytgan

2022 yilning 1-choragida Rossiyadan O‘zbekistonga 133 ming migrant qaytdi. Bundan tashqari tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, fuqarolarning 40 foizi ishsizlik va valyuta kursining beqarorligi sababli O‘zbekistonga qaytish istagini bildirganlar.

2022 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga 193 ming nafar mehnat muhojiri qaytgan bo‘lib, ulardan 133 ming nafari Rossiyadan kelgan. 50 ming fuqaro mart oyida qaytib kelgan. Taqqoslash uchun, 2021 yilda O‘zbekistonga 502 ming mehnat muhojiri qaytgan bo‘lsa, shundan 280 ming nafari Rossiyadan kelgan.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan va  15 mingga yaqin fuqaro qatnashgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra ishtirokchilarning 15 % ishdan ayrilganini, 25 % esa valyuta kursi beqarorligi sababli qaytishni xohlashini aytdi. Respondentlarning 24 foizi qaytishdan manfaatdor emasligini, hozirda ishlayotgani va agar ishdan ayrilsa, qaytish haqida o‘ylab ko‘rishi mumkinligini, 36 foizi esa mehnat shartnomasi bo‘lgani va ish joyini o‘zgartirish niyati yo‘qligi sababli qaytmoqchi emasligini bildirgan.