Bloger Muhrim Agzamxo‘jayev:
Agar Senat (Qonunchilik palatasi ham) prezident farmoni talablariga tupurib (ular, dastlab, prezident farmoniga, keyin, o‘zlarining aytishlaricha, “ularni saylagan” jamoatchilikka tupurishyapti), o‘z majlislarini jonli efirga uzatishdan bo‘yin tovlayotgan bo‘lsa va bu bo‘yin tovlashlarga masʼul shaxslarning qandaydir javobgarlikka tortilishiga erishish imkonsiz bo‘lsa (oxir-oqibat Tanzila Norboyeva va Nurdinjon Ismoilov bo‘lib chiqmas o‘sha masʼullar?), menimcha, ularni jamoatchilik yo‘li bilan jazolash mumkin. Bu jazo samarali bo‘lmasligi mumkin. Lekin, kim bilsin, balki ish berar: har ikki palatada jonli efirlar qayta tiklanmagunicha Oliy Majlis va uning aʼzolari faoliyatini — yuqori palatasi bo‘ladimi yo quyi, farqi yo‘q — yoritishni butkul to‘xtatish, boykot eʼlon qilish kerakdir, balki?
Qonunchilik palatasi rahbariyati va deputatlariga bu jazo xush kelishiga uncha shubha qilmayman. Kusherbayev, Qodirov va yana bir-ikkisini aytmasa, qolgan ko‘pchilik deputatlarimizga, menimcha, ochiqlik va oshkoralikning qizig‘i yo‘q, ular uchun bu g‘irt boshog‘riq, ular, o‘rni kelib qolsa, “kelishuvda bunaqa joyi yo‘q edi-ku”, deb yuborishi ham hech gap emas. Yetarlicha katta qismi nuroniy hisoblangan senatorlarimizga ham yangi zamonning bunday onlayn o‘yinlari tushunarsizligi tushunarli. Lekin piar atalmish “neʼmat”dan totishga, uning lazzatini his qilib ko‘rishga ulgurgan “guruch ichidagi kurmaklar” ham bor-ku. Senat raisi Tanzila Norboyeva kabi, masalan. Kusherbayev, Qodirov, Norboyeva — umuman yoritilmasa, hech bo‘lmasa, jonli efirlar tiklanmagunicha eng katta nashrlar ularga mutlaqo minbar bermasa, balki taʼsir qilar?
Balki shundan keyin, jamoatchilikka biror tushuntirish berishni lozim ko‘rishmasa-da, hech bo‘lmasa, prezident farmoni talablarini bajarishga qayta kirishishar? “Senatning yalpi majlisi jonli efirda faqat 8 daqiqa ko‘rsatildi” degan xabarlarning ularga, to‘g‘risi, chivin chaqqanichalik taʼsiri yo‘q. Lekin, tasavvur qiling, bir haftami, bir oymi, bir yilmi, o‘n yilmi, qancha bo‘lsayam-da, jonli efirlar tiklangunicha biror senator, biror deputat to‘g‘risida, Oliy Majlis faoliyati haqida umuman hech narsa, bir kilobit ham maʼlumot berilmasa, O‘zXDP yo O‘zLiDeP kabilar katta saytlarda o‘z deputatlari yo senatorlarining puli to‘langan maqolalarini ham chiqara olmay qolsa, balki, siljish bo‘lar?
To‘g‘ri, men davlat telekanallari va davlat gazetalarini hisobga olmayapman (ne ajabki, bugun ularning ham saytlari, yutublari, telegramlari bor) — shu joyi biroz pand berishi mumkin. Lekin, menimcha, baribir bir o‘ylab ko‘rish kerak. Bu ham bir taklif-da.