Konstitutsiyaviy islohotlar

  Joriy yilning 11 may sanasida Toshkent shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Markazi, Barqaror rivojlanish Markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda AQSH Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning O‘zbekistonda huquqiy islohotlar Dasturi (LRP) ko‘magida “Konstitutsiyaviy islohotlar: fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomi” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyaning maqsadi: “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini amalga oshirish, barqaror rivojlanishning muhim masalalarini hal etishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyatini oshirish, ular faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash sohasidagi milliy va xalqaro tajriba yuzasidan fikr almashish.

Oflayn va onlayn formatda tashkil etilgan xalqaro anjuman dunyoning turli mamlakatlaridan milliy va xorijiy ekspertlar, davlat idoralari, ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlari, O‘zbekistonning fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar, Toshkentdagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Mazkur nufuzli anjumanning yalpi sessiyalarida so‘zga chiqqan maʼruzachilar so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilganligini alohida qayd etib o‘tdilar.

Zero, fuqarolik jamiyati institutlari inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish, aholining huquqiy va inson huquqlari borasidagi madaniyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Binobarin, tinch-farovon, barqaror rivojlanayotgan, demokratik jamiyat barpo etish, inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, Barqaror rivojlanishning umumbashariy va milliy maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi besh yilda, sohada mamlakat Prezidenti va hukumatining 200 dan ortiq aktlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Natijada, xususan:

• NNTlari soni 22 foizga oshdi, jumladan, respublika bo‘yicha 200ga yaqin yirik NNTlari o‘z faoliyatini boshladi. Bugungi kunda ushbu fuqarolik institutlari inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda bag‘rikenglik va inson huquqlariga doir madaniyatni shakllantirish, barqaror rivojlanishning eng muhim vazifalarini amalga oshirishda muhim rol o‘ynamoqda;

• davlat byudjetidan NNTlari faoliyatini hamda ularning ijtimoiy va jamoaviy ahamiyatga molik loyihalari amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan mablag‘lar (subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalar va grantlar) miqdori besh barobardan ziyodga oshdi.

Shuningdek, soha ekspertlari tomonidan birgina 2022 yilning o‘zida 700 dan ortiq dastur va loyihalar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash taʼminlanadi, ularni amalga oshirishda 3000 dan ortiq jamoat tashkilotlari ishtirok etadi. NNT va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari isteʼdodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq ishlarga jalb qilish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish ishlariga jalb etilayotgani qayd etildi. O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash uchun 150 ta milliy madaniy markazlar qo‘llab-quvvatlanayotgani taʼkidlandi.

Faqat tom maʼnodagi fuqarolik jamiyati mavjud bo‘lgan makon va zamondagina huquqiy davlat qaror topishi mumkinligi anjumanda alohida taʼkidlandi. Darhaqiqat, fuqarolik jamiyatini inson erkinligi va qadr-qimmatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil demokratik islohotlar inson qadr-qimmati borasida g‘amxo‘rlik qiladigan, har bir fuqaroning qonuniy manfaatlari va farovonligini taʼminlaydigan, erkin fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirishga asoslangan davlat qurishga yo‘naltirilgan.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning fundamental asari hisoblangan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida: Prezidentning “Xalq qabulxonalari”ga konstitutsiyaviy maqom berish; fuqarolik jamiyati institutlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini kodifikatsiya qilish, Axborot kodeksini qabul qilish; “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlarning jamoat muhokamasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari, ularning reglamentlari va nazorat faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning yangi tahririni ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik muhokamasini tashkil etish; mamlakat qonunchiligi, “Elektron parlament” va “Elektron Xalq kengashi deputatlari”, shuningdek, xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi “Xalqchil davlat” milliy dasturlarini tasdiqlash nazarda tutilgan.

Forum yakuni bo‘yicha konferensiyaning TOSHKENT DEKLARATSIYASI qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu hujjat BMT, YEXHT, YEI, SHHT, MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish bo‘yicha qabul qilingan xalqaro huquqiy hujjatlarni hisobga olgan holda tayyorlangan. Shuningdek taqdim etilgan tahliliy materiallar va tadbir maʼruzalari to‘plam sifatida chop etilishi nazarda tutilgan.