Anqarada joriy yilning 22 iyun kuni, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Saudiya qirolining o‘g‘li – valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonni qabul qildi.
2018 yilda jurnalist Jamol Qoshiqchi Saudiyaning Istanbuldagi konsulligida o‘ldirilishi ortidan Turkiyaning ushbu mamlakat bilan aloqalari sovugan edi.
AQSH razvedkasiga ko‘ra, jurnalistni qatl etish buyrug‘ini shahzodaning o‘zi bergan. Turkiya sudi ham shunday gumonda edi.
Turk mahsulotlariga Saudiyaning norasmiy embargo qo‘llagani ortidan ikki tomonlama savdo hajmi 5 milliard dollarga qisqargandi.
Iqtisodiy inqiroz yoqasidagi Turkiya Qoshiqchining sud ishini qirollik ixtiyoriga topshirib, Saudiya bilan aloqalarni mustahkamlashga qaror qildi.
Mamlakatga investitsiya jalb etish maqsadida Turkiya Birlashgan Arab Amirliklari, Misr va Isroil bilan ham aloqalarni yaxshilashga urinmoqda.