Qozog‘istonlik faollar Ukrainada Rossiya tajovuzidan aziyat chekkan mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash uchun «Yengilmas o‘tovlar» o‘rnatdilar. Ukrainaning turli shaharlarida oltita o‘tov qurish rejalashtirilgan.
Qozog‘istonlik xayriyachilar Moskvaning noroziligiga qaramay urushdan vayron bo‘lgan Ukrainaga o‘ziga xos yordam ko‘rsatishmoqda.
Ukrainaning Vinnitsa, Jitomir va Xmelniskiy viloyatlarida faoliyat yurituvchi “Kusto Agro” qishloq xo‘jaligi korxonasining bosh direktori, tadbirkor Daulet Nurjanov yanvar oyi o‘rtalarida Ukraina shaharlarida, jumladan, Kiyevdagi Taras Shevchenko bog‘ida «Yengilmas o‘tovlar» o‘rnatishni boshladi.
Kiyevdagi ulkan, oppoq, 16 qismdan iborat o‘tov mahalliy aholiga qahraton qishda isinish, elektr energiyasi uzilganida telefonlarni quvvatlash, bo‘g‘irsoq va palov kabi qozoq milliy taomlaridan tanovul qilish, issiq ichimlik ichish joyiga aylandi.
Poytaxtdagi kigiz bilan qoplangan deyarli 64 kv. metr maydonga ega o‘tov Ukrainadagi eng kattasi.

6 yanvar kuni Nurjanov rossiyalik bosqinchilar nafaqat asirga olingan askarlarni, balki tinch aholini ham qiynoqqa solib o‘ldirgan Kiyev viloyatining Bucha shahrida birinchi “Yengilmas o‘tovni”ni o‘rnatdi.
Nurjanov o‘tov karkasi va boshqa qismlarini Qozog‘istonning Olmaota viloyatidan olib kelgan. Uni Ukrainadagi qozoq diasporasi vakillari mahalliy ko‘ngillilar bilan birgalikda yig‘ishdi.
Yaqinda Ukrainaning boshqa shaharlari – Lvov, Odessa, Xarkov va Cherkascida ham shunday o‘tovlar paydo bo‘ladi.
Rossiya bosqini fonida Nurjanov hamkorlari va do‘stlari bilan birgalikda Ukrainaga gumanitar yordam bo‘yicha shtab tuzib, mablag‘ yig‘ishni tashkil qildi va mamlakatga 160 tonnadan ortiq zaruriy gumanitar yuk bilan birga kasalxonalar uchun 41 ta generator yubordi.
G‘azabdagi Moskva
Qozog‘istondan Ukrainaga insonparvarlik yordamining oshgani va mos ravishda buning ommaviy axborot vositalarida yoritilishi Rossiya rasmiylarini g‘azablantirgan.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova 10 yanvar kuni “bu mavzuni “faol aylantirishdan” tiyilish va “Rossiya-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga putur yetkazmaslik uchun” o‘tovlar masalasida Ostonadan rasmiy javob talab qilgan.
Ammo bir kun o‘tib, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Albek Smadiyarov bu masala bo‘yicha alohida izoh berishga ehtiyoj yo‘qligini aytdi.
“Bu o‘tovning o‘rnatilishida hech qanday muammo ko‘rmayapmiz. Aksincha, o‘tovimiz borligidan faxrlanamiz”, dedi Smadiyarov Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining qozoq xizmati savoliga javoban.
Ukrainadagi “Yengilmas o‘tovlar” xususiy qozoq kompaniyalari tomonidan barpo etilmoqda va Qozog‘iston hukumati bu xususiy tashabbusni taqiqlamoqchi emas, dedi u.
“Bu xalqimizga tegishli masala. [Rossiya tashqi ishlar vazirligiga] hech qanday rasmiy javob berilmaydi”, dedi Smadiyarov.
Ostona Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini qo‘llab-quvvatlamagan va “Donesk xalq respublikasi” (DXR) yoki “Lugansk xalq respublikasi” (LXR) deb ataluvchi davlatlarni tan olmagan.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘tgan yilning iyun oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi majlisida ishtirok etar ekan, Qozog‘iston Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb eʼlon qilgan Rossiya qo‘llovidagi respublikalarni hech qachon tan olmasligini aytgan edi.
Ostona ham G‘arbning Rossiyaga nisbatan joriy qilgan sanksiyalariga rioya qilishda qatʼiy ekanini bildirdi.
Ukraina bo‘yicha Qozog‘istondagi konsensus
Qozog‘istonliklarning 80 foizga yaqini urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Qozog‘istonning eng yirik “Xabar” va KTK telekanallarining sobiq rahbari, olmaotalik Arman Shorayev.
“Rossiyaning Ukrainaga xiyonatkorona hujumi ortidan qozoqlar birinchilardan bo‘lib ukrainalik birodarlari uchun insonparvarlik yordamini yig‘a boshladilar. Biz bir hafta ichida 1 million dollar to‘pladik”, dedi u.
Qozog‘istonliklar Ostonadagi Ukraina elchixonasiga pul, kiyim-kechakdan tortib oziq-ovqat va dori-darmongacha olib borishgan, dedi u.
Shorayev bu yil Ukrainaga borgan va Buchada rossiyalik askarlarning zo‘ravonliklaridan omon qolganlar bilan suhbatlashgan.
«Rossiyalik askarlar haqiqiy vahshiylar», deb aytgan Shorayev. “Biz qozog‘istonliklar esa ukrainaliklarga yordam berishda davom etamiz va Ukrainaning bu yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishiga ishonamiz”.
Shorayevning fikriga boshqa qozog‘istonliklar ham qo‘shiladi.
O‘tgan yil mart oyida Olmaotada Ukrainadagi urush va Rossiyaning tajovuziga qarshi namoyish o‘tkazilgan bo‘lib, unda minglab fuqarolar va ishtirokchilar qatnashgan edi.
Ishtirokchilarning ko‘pchiligi Ukraina bayrog‘ini va Rossiya prezidenti Vladimir Putin to‘xtatishga chaqiruvchi plakatlarni ko‘tarib olishgan edi.
“Biz 2022 yilda rivojlangan dunyo qoidalariga ko‘ra yashamoqdamiz. Boshqa xalqning yerini shunchaki tortib olish mumkin emas”, degan edi mart oyidagi namoyishda ishtirok etgan olmaotalik Yuliya Kovalchuk.
“Agar Rossiya Ukrainada o‘z maqsadiga erishsa, navbat Qozog‘istonga kelishi mumkin“, deb qo‘shimcha qilgan u.
Qirg‘izistonning yordami
O‘z ijtimoiy-iqtisodiy muammolari borligiga qaramay, qirg‘izistonliklar ham ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlashmoqda.
Bishkekdan birinchi gumanitar yordam Ukrainaga aprel boshida jo‘nab ketgan. Unda issiq ko‘rpalar, uxlash uchun qoplar, asal, konserva, tagliklar va hokazo bo‘lgan.
“Bularning hammasini oddiy odamlar olib kelishgan. Ular Ukraina mamlakatimizning pozitsiyasi – biz hech qanday tajovuzni qo‘llab-quvvatlamasligimizni bilishini xohlaydilar”, deb aytgan Bishkekdagi “Yordam berish oson” xayriya tashkiloti asoschisi Dinara Aliyeva 24.kg veb-sayti bilan bo‘lgan intervyuda.
“Biz Ukraina va o‘z mustaqilligi uchun kurashayotganlar tarafidamiz”, deb aytgan u.
Iyunda Ozodlik (RFE/RL) radiosining qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida Ukrainaning Qirg‘izistondagi elchisi Valeriy Jovtenko qirg‘izistonliklarning Ukrainaga yordamini alohida taʼkidladi.
“Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi boshlanganida Bishkekdagi Rossiya elchixonasi oldida va boshqa joylarda ommaviy noroziliklar bo‘lib o‘tdi va odamlar Ukraina elchixonasiga qo‘llab-quvvatlash uchun kelishdi”, deb aytgan u.
Qirg‘izistonliklar va mahalliy jamoatchilik tashkilotlari ukrainaliklarga sezilarli yordam bermoqda, deb aytgan u.
“Qirg‘izistonliklar Ukraina boshidan kechirayotgan fojiadan taʼsirlanmay qolmadilar, biz bundan minnatdormiz”, deb aytgan Jovtenko.