Yolg‘onlar yoki tekshirilishi kerak maʼlumotlar haqida

Kecha barchamiz sevib kuzatadigan telekanalda oxirgi uch yilda omonatlar qoldig‘i ikki barobarga oshgani haqida maʼlumot berildi. Lekin, bu dinamikaga nisbatan aniqlashtirilishi zarur bo‘lgan bir qator savollar bor.

Birinchidan, depozitlar qoldig‘ining aholi va korporativ omonatlar kesimida eʼlon qilinishi 2020 yil 1 apreldan boshlangan. 2020 yil 1 yanvar holati bo‘yicha ochiq maʼlumotlar mavjud emas.

Ikkinchidan, 2020 yilda omonatlar qoldig‘i yil davomida yuritilgan maqbul foizlar siyosati tufayli deyarli o‘smagan va solishtirish uchun o‘ta past bazani tashkil etgan. Yaʼni, past bazaga nisbatan solishtiruv doim chalg‘ituvchi xulosalar beradi.

Yana bir eʼtiborli jihat shuki, yig‘ilishdan keyingi intervyuda 45% o‘zbekistonliklar jamg‘armaga ega ekanliklari taʼkidlandi.

Bu juda katta raqam. Va judayam muhimi, jamg‘armalarning tarkibidagi isteʼmolga yetadigan muddatlar qirqimi. Qanchasi 15 kunga yetadi, qanchasi 1 oylik isteʼmolga? Va 1 oygacha isteʼmolga yetadigan mablag‘larni jamg‘arma deb atasa bo‘ladimi? 45% o‘zbekistonliklar jamg‘armaga ega ekanini ko‘rsatgan so‘rovlar, tadqiqot va izlanishlar, metodologiyasi bilan birga ochiqlansa yaxshi bo‘lardi.

Solishtirish uchun, O‘zbekistondan boyroq Qozog‘istonda 18% aholi jamg‘armalarga ega, Rossiyada esa urushdan avval faqat 33% aholi jamg‘armalarga ega bo‘lgan.

Biz bilamizki, odamlar qancha boy bo‘lsa, shuncha ko‘proq jamg‘arishga moyillik bo‘ladi.

Aytganimizde, oxirgi yillarda inflyatsiyani kuchaytirayotgan asosiy omillardan bir bo‘lgan fiskal faktor, yaʼni fiskal intizomning butunlay izdan chiqqani haqida reportajda hech nima deyilmagan. Ko‘p hollarda inflyatsiyaga inflyatsiyaga qarshi go‘yoki kurashayotgan hukumatning o‘zi aybdor bo‘ladi.

Omonatlar tarkibi va vazni qanday? Qisqa javob: Boylar yana-da boyimoqda

Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 2022 yil davomida aholi omonatlari qoldig‘i oz emas, ko‘p emas, naq 69,2%ga o‘sdgan va 63,1 trln. so‘mga yetdi.

Aholining nominal daromadlari shunchaga o‘sdimi? Yo‘q. Rasman nominal daromadlar 22,3%ga o‘sgan xolos.

Aholining isteʼmoli kamaydimi? Yo‘q. 2022 yilda iqtisodiy o‘sishni asosan pul o‘tkazmalaridan rag‘bat olgan yalpi isteʼmol hajmi qutqarib qoldi.

Unda qanday qilib, omonatlar bunchalar yuqori surʼatda o‘sdi? Ana o‘lmang, endi to‘g‘ri savol tushdi.

To‘g‘ri savolga to‘g‘ri javob berish uchun shu omonatlar hajmining tarkibi va vazni batafsil ochilishi kerak. Bizda bunday maʼlumotlar yo‘q, lekin mulohazalar bilan o‘rtoqlashishimiz mumkin.

Birinchi va eng muhim javob shuki, omonatlar qoldig‘ining keskin o‘sishi asosan yirik omonatchilar hisobiga ro‘y bermoqda. O‘zi busiz ham 2022 yilgacha yirik omonatchilar konsentratsiyasi haddan ziyod baland bo‘lgan, 2022 yilda konsentratsiya yana kuchaydi. Sodda qilib tushuntirsam, 63,1 trln. so‘mlik omonatlarning 70%i shartli 8 mingta omonatchiga tegishli. Qolgan 30%i esa qolgan shartli 8 mln. omonatchiga. Shu maʼnoda regulyator uchun omonatlar qoldig‘ining qanchaga o‘sishi emas, qanday o‘sayotgani muhimroq signal. Agar maʼlumotlar omonatlar qoldig‘i soni va summasi shkalasi kesimida ochiqlanishni boshlasa, bu haqida jamiyat ham maʼlumot ola boshlaydi (masalan, 1 mln. so‘mgacha, 1-10 mln. so‘mgacha, 10-100 mln. so‘m, 100-500 mln. so‘m, 500-1000 mln. so‘m, 1 mlrd. so‘mdan yuqori).

Ikkinchidan, soni bo‘yicha (summasi bo‘yicha emas) mutlaq eng ko‘p omonatchilar bu 1 mln. so‘mgacha qoldiqli omonatchilardir. Ular asosan ish haqi, stipendiya va pensiya olinadigan plastik karta egalari va xalqaro pul o‘tkazmalari foydalanuvchilaridir. Tasavvur qiling, kartangizda 100 so‘m qolib ketsa ham yoki pul o‘tkazmasini olgandan keyin, hisob varaqda qandaydir 7 sent qolib ketsa ham, siz omonatchi va jamg‘armaga ega hisoblanasiz. Shu maʼnoda omonatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar tarkibi talab qilib olguncha, hamyonlar, plastik kartalar va jamg‘arma, muddatli omonatlar kesimida taqdim etilishi zarur. Shunda aslida omonatlar o‘sishida qora xalqning, yaʼni kambag‘allarning umuman vazni yo‘qligi ayon bo‘ladi. Bu esa yaxshi, axir biz o‘zimizni o‘zimiz aldashni istamaymizku, to‘g‘rimi?

Uchinchidan, bu 2022 yilda urush boshlangani va urushning oqibatlari bilan bog‘liq hodisa. O‘tgan yili fevraldan keyin o‘ris korchalonlari (kreml oligarxlari ham), ularning shotirlari (ishongan yordamchilari) va vakillari ommaviy ravishda mablag‘larini O‘zbekistonga ko‘chira boshlashdi. Nafaqat biznes qoldiqlarni, chakana qoldiqlarni ham. To‘g‘ri, baʼzida ular norezidentlarning nomiga rasmiylashtirilmagan bo‘lishi ham mumkin. Lekin O‘zbekistondagi proksi vakillarning omonatlari aynan ularning hisobiga keskin ko‘paydi. Yaʼni, 2022 yilda o‘sgan qariyb 26 trln. so‘m omonatning anchagina qismi shimoldagi og‘alardan kelgan mablag‘lar. Buni bilish nima uchun kerak? Chunki bu pullar qanday kelgan bo‘lsa, ertaga Putin Rossiyasi kapitulyatsiyasidan keyin shunday orqaga qaytib ketish ehtimoli yuqori. Katta pullarning birdan kelishi qanday stress yaratsa, ketishi ham shunday stress yaratadi.

Manba