O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb 35 mlrd dollardan oshdi

O‘zbekistonning davlat qarzi o‘tgan yil davomida 5,7 milliard dollarga ko‘payib, 34,9 milliard dollarni tashkil qilgan.  Davlat qarzi 2024 yilning birinchi choragida yana 417 mln dollarga oshib, 35,3 mlrd dollarga yetgan. Islohotlar eʼlon qilingan va faol qarz olish endi boshlangan 2017 yilda Davlat qarzi qoldig‘i 11,5 mlrd dollar edi. Yaʼni, 2023 yilgacha bo‘lgan 6 yilda davlat qarzi qoldig‘i 3 barobardan ko‘proqqa oshgan.

O‘zbekiston 2022 yildan keyin Davlat qarzi holati va dinamikasi maʼlumotlarini eʼlon qilishni to‘xtatgan (balki ahvol va vaziyat og‘irlashayotganini ko‘rsatmaslik uchun). Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy sahifasining davlat qarziga oid qismi bir necha oylardan buyon “maʼlumotlar yangilamoqda” holatida qolmoqda.

Yanayam qizig‘i, tashqi qarz bo‘yicha 2022 yilgacha bo‘lgan tarixiy hisobotlarning o‘zbek tilidagi versiyalari o‘chirib yuborilgan.

Shu sababli, davlat qarziga oid maʼlumotlarni boshqa hisobotlar ichidan (masalan, byudjetnoma, fuqarolar uchun byudjet) uzuq-yuluq tarzda ko‘rib borish mumkin.

Shunday qilib, O‘zbekiston Davlat qarzi miqdordayam ulushdayam oshishda davom etmoqda. Fuqarolar uchun byudjet hisobiga kiritilgan maʼlumotga ko‘ra, 2023 yil yakuni bo‘yicha Davlat qarzi 5,7 mlrd dollarga oshib, qoldig‘i 34,9 mlrd.dollarga yetgan. Davlat qarzining YAIMdagi ulushi 38,4%ni tashkil qilgan (+2,4%). Eslatib o‘tamiz, bu hisobga zararkunanda davlat kompaniyalari, davlat banklari va energetikadagi shishirilgan loyihalar uchun olingan to‘g‘ridan to‘g‘ri qarzlar kirmaydi.

Davlat qarziga xizmat ko‘rsatish ham tobora oshib, og‘irlashib bormoqda. 2023 yilda Davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 2,82 mlrd dollarga yetgan (solishtirish uchun, bu ko‘rsatkich 2018 yilda 0,5 mlrd dollar edi). Ichki qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari eʼlon qilinmagan.

Har yili yangi davlat qarzlarini olish hajmi va davlat qarzlariga xizmat ko‘rsatish xarajatlari miqdori tobora bir biriga yaqinlashmoqda. Tendensiya o‘zgarmasa, yangi qarz va qarz qaytarish miqdorlari tez orada tenglashadi. Yaʼni, eski qarzlarni olinayotgan yangi qarzlar oqimi hisobiga qaytarish boshlanadi (agarda kreditorlar qarz berishni to‘xtatib qo‘yishmasa).

P.S. Vazirlik vakilining taʼkidlashicha, Davlat qarzi statistikasi maʼlumotnoma ko‘rinishida taqdim etib kelinmoqda (ilgarigidek choraklik sharh tarzida emas). Balki tegishli havola vaqtincha ishlamagani yoki faolsizlantirib qo‘yilgan tufayli ushbu maʼlumotlardan foydalanish imkoni bo‘lmagan. Ayni damda mobil versiyada maʼlumotlar ochilmoqda.

Davlat qarzi birinchi chorakda ham oshishda davom etgan

O‘zbekiston Davlat qarzi 2024 yilning birinchi choragida yana 417 mln dollarga oshib, 35,3 mlrd dollarga yetgan.

Birinchi chorakda Davlat qarzining ko‘payishi ichki qarz hisobiga ro‘y bergan. Ichki qarz oxirgi 3 oyda 597 mln dollarga ko‘payib, 5,9 mlrd dollarga yetgan.

Xalqaro suveren obligatsiyalar orqali jalb qilingan qarz qoldig‘i 3,4 mlrd dollardan 2,9 mlrd dollargacha qisqargan (fevral oyidagi so‘ndirishlar hisobiga). Maydagi yangi chiqariluvlar evaziga mazkur toifadagi qarz qoldig‘i yana oshishi (+1,5 mlrd dollar) ikkinchi chorak hisobotlarida aks etadi.

Davlat qarzi bo‘yicha maʼlumot ochiqlashning mazkur ko‘rinishi 2022 yilgacha taqdim etib kelingan sharh formatidan farqli ravishda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari (undan byudjetga yuklama), hisobot davrida yangi jalb qilingan qarzlar, eski qarz bitimlarining holati, davlat kompaniyalarining “tijoriy” qarzi kabi qo‘shimcha axborotlarni taqdim etmaydi. Agarda ham sharh, ham jadval maʼlumotlari (qayta ishlash oson formatlarda) berib borilsa, foydalanuvchilar soni keskin oshgan bo‘lardi.