2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Ssenariylarga ko‘ra, kuchli zilzila oqibatlarida Turkiyaning iqtisodiy yo‘qotishlari YAIMning o‘rtacha 2%ini tashkil etishi mumkin. Yo‘qotishlar zanjiri ayrim yomon ehtimollarda YAIMning 6%igacha yetadi. Eng ko‘p jabr ko‘rgan viloyatlar aynan sanoat markazlari hisoblanadi. XVJ hisoblariga ko‘ra, 2023 yilda Turkiya iqtisodiyoti 3% atrofida o‘sishi prognoz qilinayotgandi. Endi o‘sish yo nol atrofida yoki hatto manfiy ham bo‘lishi mumkin.
Turkiya O‘zbekistonning eksport bo‘yicha uchinchi, import bo‘yicha beshinchi savdo hamkori hisoblanadi. 2022 yilda busiz ham eksport va import hajmi qisqara boshlagandi. Zilzila oqibatida sanoat imkoniyatlari va isteʼmol talabining qisqarishi ham eksportimizni, ham importimizni kamaytiradi.
Turkiya pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha ham, mehnat migrantlari vektorida ham O‘zbekistonga sezilarli taʼsirga ega. Mehnat migrantlari soni bo‘yicha, kiruvchi va chiquvchi o‘tkazmalar umumiy hajmi bo‘yicha Rossiya va Qozog‘istondan keyingi o‘rinni egallaydi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘zlashtirilayotgan xorijiy investitsiya va kreditlarning 10%dan ziyodi yoki 700 mln. dollari Turkiya hissasiga to‘g‘ri kelardi (2022 yil 9 oy maʼlumotlari). 2021 yilda Turkiyaning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi 1,2 mlrd. dollardan oshgan.
Umuman olganda, Turkiyadagi zilzilani anomal sovuq va energetik krizisdan keyingi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun navbatdagi “qora oqqush” deb hisoblasa bo‘ladi.
