Epik muvaffaqiyatsizlik: Putinning bosqin tarixiga dog‘ bo‘lib tushgan xatolari

Kreml Kiyevni 3 kun ichida zabt etishni rejalagan edi. Aksincha, bir yil ichida u minglab askarlarini yo‘qotib, jang maydonida ulkan muvaffaqiyatsizliklarga uchradi.

2022 yilning 24 fevral kuni erta tongda o‘n minglab Rossiya askarlari bir necha kundan so‘ng Kiyevning asosiy trassasi bo‘lmish Kreshchatik bo‘ylab parad o‘tkazishni rejalagan holda Ukraina chegarasini kesib o‘tgan edilar.

Buni keyinchalik bosqinchilarning yo‘q qilingan zirhli mashinalaridan topilgan uniformalardan taxmin qilish mumkin edi.

O‘shanda Kreml bir yil o‘tib, o‘z rejasining o‘ndan biriga ham erisha olmasligini, harbiy texnika va askarlar orasida halokatli qurbonlar berishini tasavvur ham qilmagan edi.


Каравансарай сайтининг youtube платформасидаги канали

ORYX monitoring guruhining hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri Rossiya 1500 dan ortiq tankidan mahrum bo‘lgan. Tahlilchilarga ko‘ra, ularning 1017 tasi yo‘q qilingan, yana 547 tasi Ukraina askarlari tomonidan qo‘lga olingan.

Harbiy tahlilchi, ORYX blogi muallifi Yakub Yanovskiy 9 fevral kuni CNNga bergan intervyusida “Rossiya urushni 3000 ga yaqin jangovar holatdagi tanklar bilan boshlaganini, shu sabab foydalanishga yaroqli tanklarining yarmini yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligini” taʼkidladi.

ORYX hisob-kitoblariga ko‘ra, Kreml umumiy hisobla 9000 donadan ortiq texnika yo‘qotgan. Va bu taxmin faqat fotosurat yoki video bilan tasdiqlangan holatlarga asoslangan. Haqiqiy talafotlar soni yana-da ko‘proq.

Bu orada 7 fevral kuni Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Ukrainadagi urushda qurbon bo‘lgan rossiyalik askarlar soni 60 mingga yetishi mumkinligini, urush boshidan beri Rossiya mudofaa vazirligining yana 175 mingdan 200 minggacha harbiy xizmatchilari va xususiy pudratchilari qurbonlar berganini aytdi.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi esa kattaroq raqamlarni keltirgan: urushda 140 mingdan ortiq rossiyalik harbiy halok bo‘lgan.

Amalga oshmagan bliskrig

Bosqin boshlanganidan so‘ng bir yil ichida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tavakkalchiligi muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi, deydi urush kuzatuvchilari.

Rossiyaning “maxsus operatsiya” deb atalgan amaliyotining ilk soatlari urushning kayfiyatini belgilab berdi. Oziq-ovqat va yonilg‘i tanqisligi, tashlab ketilgan zirhli texnika va samolyotlarning boy berilgani Rossiya armiyasini mushkul ahvolda qoldirdi. Bosqinchilar karvonlari to‘xtab qoldi, ukrainaliklar esa Kreml havo kuchlariga osmondagi nazoratni qo‘lga olishga bermadilar. Ukraina qo‘shinlari rossiyaliklarning ichkariroq kirishiga qo‘yib berdilar, so‘ng taʼminot karvonlarga zarba bera boshladilar va oxir-oqibat ularni Kiyev viloyatidan chekinishga majbur qildilar.

Ukraina xavfsizlik xizmatining (SBU) sobiq zobiti, Ukraina kelajak instituti tahlilchisi Ivan Stupak: “Men uchun eng muhim va hal qiluvchi lahza Kiyevning ilk kunlarda turib bergani bo‘ldi. U yiqilmadi. Va bu ibratli voqea bo‘ldi. Men o‘shandayoq hammasi yaxshi bo‘lishi bildim. Bu jarayon uzoq va og‘ir kechadi, ammo yakun biz uchun ijobiy bo‘ladi”.

“Kiyev viloyatining ozod etilgani. odamlarga umid berdi”.

Kiyevdagi Defence Express konsalting firmasining harbiy tahlilchisi Ivan Kirichevskiy: “Urushning dastlabki soatlarida bizning havo hujumidan mudofaa va havo kuchlarimizni izdan chiqarishga uringani Rossiyaning eng yirik mag‘lubiyatlaridan biri bo‘ldi. Ular buning uddasidan chiqa olmadilar. Urushning dastlabki soatlaridagi bu muvaffaqiyatsizlik shu qadar strategik ahamiyatga egaki, ruslar hali ham bundan aziyat chekmoqdalar. 14 aprel kuni Rossiya Qora dengiz flotining bayroqdor kemasi – “Moskva” raketa kreyserining suvga g‘arq bo‘lishi navbatdagi yirik mag‘lubiyatga aylandi. “Moskvaning cho‘kishi bilan bog‘liq voqeani alohida g‘alaba sifatida ajratib ko‘rsatsa bo‘ladi”.

“Bu shunchaki ramziy maʼno kasb etmaydi. Bu raketalar yordamida cho‘ktirilgan tarixdagi birinchi kreyser toifasidagi kema edi. Ilgari hech kim bunday qilmagan edi. Bizning ikki dona Neptun raketamiz kemani yengdi”, dedi u.

Sentyabr oyida Xarkov viloyatidagi muvaffaqiyatli qarshi hujum va noyabr oyida Xersonning ozod etilishi Rossiyaning navbatdagi muvaffaqiyatsizligi va urushdagi yirik burilish nuqtasi bo‘ldi.

“Ular odamlarga g‘alaba kim tarafida ekanini bildiruvchi o‘zgarishlarning ramziy maʼnosiga aylandi, garchi bundan keyin jangni davom ettirish kerak bo‘lsa ham”, deb yozdi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 20 noyabr kuni Telegramdagi rasmiy kanalida.

“Biz endilikda Xerson ozod bo‘lganidan keyin, aynan shuni his qilyapmiz”.

Muvozanatning buzilishi

Ammo, Putinning urush davomidagi eng katta muvaffaqiyatsizligi Ukraina ittifoqchilarining birlashishi bo‘ldi, o‘shandaye beri ular yuqori aniqlikdagi qurollar, jumladan Yuqori harakatchanlikdagi artilleriya raketa tizimlarini (HIMARS) yetkazib berdilar.

Kiyevda joylashgan “Birlashgan Ukraina” tahlil markazi siyosiy tahlilchisi Igor Petrenko: “Bu juda muhim. Ukrainaga yordam hajmi oshmoqda. Surʼatlar jadallashmoqda. Qurol turlari kengaymoqda”.

“Butun rivojlangan dunyo: Qo‘shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va boshqa ko‘plab mamlakatlar Ukraina tarafida. Muvozanat esa Rossiya foydasiga emasligi aniq. Dastlab, ular Kiyevni uch-to‘rt kunda qo‘lga olamiz deb o‘ylashgan. Keyinchalik bu muddatni bir necha oyga surishdi”.

“Keyin Surovikin tayinlandi va ular xuddi Suriyadagi kabi terrorchilik taktikasidan foydalanishga qaror qilishdi, ammo bu ham ish bermadi”, degan edi Petrenko oktyabr oyida Ukrainadagi Rossiya kuchlari qo‘mondoni etib tayinlangan general Sergey Surovikinni nazarda tutib.

Surovikin avval Suriyada Rossiya aerokosmik kuchlariga qo‘mondonlik qilgan, u yerda shafqatsiz taktikasi, jumladan fuqarolik obyektlariga hujum qilish va kimyoviy qurollardan foydalanish bilan tanilgan.

Yanvar oyida mudofaa vazirligi Surovikin o‘rniga Rossiya bosh shtabi rahbari, general Valeriy Gerasimov tayinlanganini eʼlon qilgan edi.

“Gerasimovni tayinlagan Kreml hammasini uzoq muddatli nizoga aylantirmoqchi, ammo ular hech qanday natijaga erisholmaydilar“, deb taʼkidladi Petrenko.

O‘lim hukmi

O‘tgan yilning asosiy natijasi – qo‘shinlari falajlangan kuchsiz Rossiya, deydi tahlilchilar.

Defence Express konsaltingi xodimi Kirichevskiy: “Ularga resurs yetishmayapti, shunga qaramay oldinga harakat qilishmoqda”.

Rossiyalik tashviqotchilar hammasi yaxshi ekanligini taʼkidlasa-da, Rossiya mudofaa vazirligi maslahatchilari sir saqlashda davom etishmoqda, deydi u Kremlga ochiqdan-ochiq “Rossiya hujum qilishga layoqatli emasligini” aytgan Ruslan Puxovning so‘zlariga ishora qilib.

Puxov Moskvadagi Strategiyalar va texnologiyalar tahlili markazi rahbaridir.

SBU zobiti Stupak “Rossiyaning eng katta muammosi nimada ekanligini bilasizmi? Ko‘r-ko‘rona nafratda”.

“Ko‘r-ko‘rona nafrat, g‘azab bo‘lgan joyda oqilona fikrlash qiyin. Xolisona harakat qila olmaysiz”, deydi u.

“Rossiya uchun vaziyat og‘ir”, deb aytgan Petrenko.

“Rossiyaning asosiy muammosi – Putin. Agar mamlakatning salohiyatliroq rahbari bo‘lganida adekvat takliflar bilan muzokaraga kirishish kerakligini allaqachon tushunib yetgan bo‘lardi”.

“Ammo, Putin uchun muzokara olib borish mag‘lubiyatni, boshqacha qilib aytganda o‘lim hukmini anglatadi”.

“Uni cho‘loq o‘rdak kabi toptab tashlanishini juda yaxshi biladi”, deb aytgan Petrenko.

Olga Chepil