Entoni Blinken: AQSH Qozog‘iston suverenitetini qo‘llab-quvvatlaydi

Rossiya rasmiylari va deputatlari Moskvaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan Qozog‘istonga nisbatan yashirin tahdidlar qilib kelishgan.

Markaziy Osiyo bo‘ylab safarining ilk uchrashuvida AQSH davlat kotibi Entoni Blinken kecha 28 fevral kuni Vashington Rossiya siyosatchilarining muntazam tahdidlariga uchrayotgan Qozog‘iston suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi.

“Qo‘shma Shtatlar Qozog‘iston suverenitetini, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qatʼiy qo‘llab-quvvatlaydi”, deb aytgan Blinken Ostonadagi Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligidagi chiqishida.

“Baʼzan bu so‘zlarni aytsak-da, aslida ular maʼnisiz bo‘ladi. Ammo ayni damda ular yana-da kuchli maʼno kasb etmoqda”, deb aytdi u Rossiyaning Ukrainaga bir yil avvalgi bosqinini nazarda tutib.

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 1991 yilda mustaqillikka erishgan va Moskvaning kuchli taʼsiriga qaramay Vashington bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan Qozog‘iston bilan munosabatlarini “yana-da kuchaytirishga qatʼiy qaror qilgan”.

Keyinroq AQSHlik diplomat prezident Qosim-jo‘mart To‘qayev bilan ham suhbatlashdi.

Ostonada Blinken Markaziy Osiyoning besh postsovet davlati, jumladan Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari bilan xavfsizlik va boshqa masalalar yuzasidan muzokara o‘tkazdi.

Blinken bugun Toshkentda muzokaralarni davom ettirmoqda.

Safar Rossiyaning Ukrainaga hujum qilganiga bir yil to‘lganidan bir necha kun o‘tib amalga oshirildi.

Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik va iqtisodiy sohalarda Rossiya bilan uzoq muddatli munosabatlarga ega bo‘lsa-da, Moskvani sobiq Sovet respublikasi bo‘lmish Belarus kabi urushda qo‘llab-quvvatlamadilar.

Markaziy Osiyoning barcha besh davlati o‘tgan hafta Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh assambleyasining Moskvadan Ukrainani tark etish talab qilingan rezolyutsiyasiga ovoz berishda betaraf qolgan yoki ishtirok etmagan.

Rossiyaning tahdidi

Diplomatlar va tahlilchilarning aytishicha, Markaziy Osiyo yetakchilari Moskva bilan rasmiy xavfsizlik kelishuvlari va Rossiyaning xavfsizlik va iqtisodiy sohadagi taʼsiri, jumladan, mehnat migrantlarining manzili sifatida o‘ta kuchli taʼsirga ega bo‘lgani uchun qaltis vaziyatda qolishgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘z bosqinini oqlashi, jumladan, Ukrainada rusiyzabonlarga munosabatdan afsus bildirishi salmoqli sondagi rusiyzabon ozchiliklar yashaydigan Markaziy Osiyo davlatlarini asabiylashishga majbur qilgan.

Rossiya bilan quruqlikdagi eng uzun chegaraga ega Qozog‘iston harbiy xizmatdan qochgan rossiyaliklarni o‘z bag‘riga olib, urushni xalqaro qonunchilikka rioya qilgan holda diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan.

Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoning besh davlati Rossiya yoki o‘z hozirligini kuchaytirayotgan yana bir yirik qo‘shnisi Xitoy bilan munosabatlarini to‘xtatmoqchi emasligini tushunadi. Bu haqda AQSHning Janubiy va Markaziy osiyo bo‘yicha bosh diplomati Donald Lu Blinkenning safari oldidan maʼlum qilgan.

Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, Blinken Qo‘shma Shtatlar «ishonchli hamkor» ekanini hamda Moskva va Pekindan farq qilishini ko‘rsatmoqchi.

“Bizda o‘zaro iqtisodiy munosabatlarga oid taklif bor, shu bilan birga muhokama qilinishi kerak bo‘lgan, qadriyatlar nuqtai nazaridan ham taklif qiladigan narsamiz ham bor”, dedi Lu shanba kuni jurnalistlarga.

AQSH uchun “Hozirda Markaziy Osiyoda hech qanday to‘siq yo‘q”, deydi Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi va Pittsburg universitetining mintaqa bo‘yicha mutaxassisi Jennifer Brik Murtazashvili.

“Ushbu mamlakatlar rahbarlarida Rossiyadan uzoqlashish istagi bor. Menimcha, ular Rossiya xavf ekanligini tushunadilar, lekin geografik jihatni inobatga olgan ular bu borada deyarli hech narsa qila olmaydilar, iqtisodiy ahvol esa ularga uncha ko‘p tanlov qoldirmaydi”, dedi u.

“Shunday ekan, menimcha, Qo‘shma Shtatlarda masalaga ijodiy yondashish, bu mamlakatlar rahbarlari bilan muloqotga kirishish va ularning o‘z yerida uchrashish uchun real imkoniyat bor”.

“Bu davlatlar Rossiya va Xitoyni bir-biriga qarshi muvozanatlash uchun haqiqatdan ham ajib holatda va ularning ko‘pi buni juda mohirona amalga oshirdi”, dedi Murtazashvili.

AQSH Davlat kotibining O‘zbekistonga tashrifi haqida kechroq.

Манба: Карвонсарой ва AFP