Tahlilchilar Ukrainaning Rossiya ustidan g‘alabasini taxmin qilmoqdalar

Ukraina kuchlari urushning ikkinchi yilidagi asosiy voqea bo‘lishi kutilayotgan shiddatli qarshi hujumga tayyorlanmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil to‘lar ekan, harbiy tahlilchilar mashaqqatli janglar oxir-oqibat Ukrainaning g‘alabasi bilan yakunlanishini bashorat qilmoqdalar.

Ukrainadagi janglar kamida 2023-yil oxirigacha davom etadi (Getty Images)

Harbiylarning aytishicha, bu yil bahor va yoz oylarida janglar shiddatli tus olishi kutilmoqda.

Resurslarning keskin taqchilligiga qaramasdan, hozirda Rossiya tezkor hujumdan tinkani quritadigan urushga o‘tmoqda.

Ukraina tashqi razvedka xizmatining 2005-2010 yillardagi rahbari, xavfsizlik bo‘yicha tahlilchi Nikolay Malomuj: “Kreml strategik muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Shuning uchun Rossiya mudofaa vaziri Sergey] Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov Putinga global urush deb atalgan konsepsiyani taqdim etishdi”.

Malomujning aytishicha, Rossiya butun G‘arb, shu jumladan NATOga qarshi urushmoqda, degan yolg‘on daʼvoga asoslangan bu konsepsiya frontga yangi kuchlar va texnika jalb qilishni ko‘zda tutadi.

“Gap 500 ming kishini askarlikka safarbar qilish va tanklarning yangi zarbdor guruhlarini tuzish haqida bormoqda… shuningdek, eski bronetransportyorlarni, “Grad”, “Uragan” va “Smerch” o‘ziyurar reaktiv tizimlarni taʼmirlash rejalashtirilmoqda”.

“Ular yangi raketa tizimlarini ishga tushirishni ham rejalagan. Ular ko‘p bo‘lmasa-da, hali ham Rossiyada ishlab chiqariladi”, deb qo‘shimcha qilgan Malomuj.

Unga ko‘ra, Putin askarlar va texnikadan ikkita bosqichda foydalanishni rejalashtirmoqda.

Birinchisi – Kreml o‘zining asosiy maqsadi deb bilgan strategik viloyatlarni egallab olish. Jumladan Donbass, Donesk va Lugansk bu ro‘yxatning eng avvalida turadi.

“Biz hozir birinchi bosqichning o‘rtasidamiz. Birinchi vazifamiz, Donbass, Baxmut, Svatovo, Kremennaya va albatta Ukraina janubidagi Zaporojyeda o‘z pozitsiyalarmizni saqlab qolish”, deb aytgan Malomuj.

Donesk, Lugansk va Zaporojye viloyatlari – “dushman bizni chiqarib yuborib, yangi yerlarni egallashga harakat qilayotgan uchta asosiy hudud”, deb aytgan u.

Ikkinchi bosqich janub va sharqda g‘alaba qozonish uchun kengroq qamrovdagi hujum operatsiyasi bo‘ladi.

“Menimcha ular uch-to‘rt oyda ikkinchi bosqichni boshlashmoqchi. Putin Rossiyaning chekka hududlaridan kelgan yollanma askarlarga ishonmoqda, ularga eski, taʼmirlangan texnika va tanklar topshiriladi. Bu bilan u janub va sharqda yana-da katta miqyosdagi hujum operatsiyasini rejalamoqda”, deb aytgan Malomuj.

Navbatdagi safarbarlik

Buni amalga oshirish uchun Rossiya aftidan yana bitta safarbarlikni amalga oshirish kerak.

Putin sentyabrda 300 ming kishi to‘plash uchun qisman safarbarlik eʼlon qilgan edi.

InfoResist saytining harbiy tahlilchisi, kiyevlik Aleksandr Kovalenko: “Rossiya safarbarliksiz urushni davom ettira olmaydi. Kreml xalqni safarbar qilishi, safarbarlik 2.0 eʼlon qilishi yoki to‘liq ommaviy safarbarlik boshlayotganini ochiqdan-ochiq tan olishi kerak”.

Hozirgi vaqta Rossiya qo‘mondonlari kuch to‘plashga emas, balki o‘z yo‘qotishlari o‘rnini qoplashgagina qodir, deb aytgan Kovalenko.

“Hujum operatsiyasi uchun zarbdor guruhni shakllantirish, har qanday hujum operatsiyasi yoki manevrlarini kengaytirish haqida gap ketar ekan, buning uchun ko‘proq resurs kerak bo‘ladi. Urush 2023 yilda ham tugamasligiga ko‘nikishimiz kerak. Katta ehtimol bilan 2024 yilda ham davom etishi mumkin. Bunga hamma ruhan tayyor turishi kerak”, deb qo‘shimcha qildi u.

“Shuningdek, uzoqqa cho‘ziladigan har qanday nizo axborot resurslaridan mohirona foydalana oladigan rossiyaliklarga qo‘l kelishini tushunishimiz kerak”.

“Dushman uzoq muddatli urushdan Ukraina xalqini tushkunlikka tushirish va o‘z qurolli kuchlari salohiyatidan shubhalanishi uchun tashviqot sifatida foydalanmoqda”, deydi mutaxassis.

Ukrainaning qarshi hujumi

Ukraina qo‘mondonlari bu tahdidlarni yaxshi tushunadi, deydi harbiy kuzatuvchilar.

Ukraina qurolli kuchlari urushning ikkinchi yilidagi asosiy voqea bo‘lishi kutilayotgan shiddatli qarshi hujumga tayyorlanmoqda, deydi Kovalenko.

“Barchasi bosqichma-bosqich va puxta o‘ylangan tarzda amalga oshiriladi. Hech qanday kutilmagan operatsiyalar bo‘lmaydi, Ukraina bosh shtabi barchasiga muvozanatli yondashmoqda”.

“Buni hamma, jumladan aholi tushunishi kerak, chunki odamlar ko‘pincha tezkor g‘alaba kutishadi. Bu yerda vaziyat boshqacha”, deb aytgan Kovalenko.

“Albatta, bu holatda ko‘p narsa ittifoqchilarimizga ham bog‘liq” deydi xavfsizlik bo‘yicha tahlilchi Malomuj.

Agar Ukraina ikki-uch oy ichida o‘z hamkorlaridan eng so‘nggi texnika va qurollarni qabul qilib olsa, hujum operatsiyasini rejalashtirib, kelayotgan uch-olti oy davomida sharq va janubdagi hududlarini ozod qila oladi, dedi u.

Bu uning hududida va Belarusda tayyorgarlik o‘tkazilayotgan zahiradagi askarlarni to‘plash uchun Rossiyaga kam vaqt qoldiradi. Askarlarini harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishi uchun Kremlga to‘rt oy kerak, deb aytgan u.

“Umuman olganda, Ukraina uchun istiqbollar ijobiy, chunki mamlakatimizni butun dunyo qo‘llab-quvvatlamoqda”, deydi Malomuj.

Olga Chepil

Manba