O‘zbekiston mustaqilligiga 32 yil to‘ldi. Sal kam bir asrning uchdan biri. Katta davr! Davlatchilikning holati va yo‘nalishini, qadriyatlar va institutlarning ahvolini tahlil qilish uchun – yana bir fursat.

Mustaqillik bayrami kunlari jamiyatning shu sanaga, shu voqeaga munosabatlarini kuzatdim. Ijtimoiy tarmoqlar odamlarning ichki kayfiyatlari, qarashlarini bildirish va bilish imkoniyatini beradi. Ijtimoiy ongda Mustaqillikni “davlatning bayrami”, “hokimiyatning, hukumatning bayrami” degan pozitsiya, anchagina kuchli. Bu bilan, xalqda davlatga nisbatan begonalashuv darajasi mavjudligini ko‘rsatadi.

Bu, bir tomondan, tabiiy. Chunki, haligacha qadar davlat va jamiyatning o‘zaro bog‘liqlik rishtalari, ancha zaif. Siyosiy madaniyat tez o‘zgaruvchan narsa emas. O‘tmishdagi hokimiyatlarga ishonchsizlik, tezda yuvilmaydi. Qolaversa, hozirda ham, davlatning jamiyat ishonchiga kirish darajasi yuqori emas. Bu – katta mavzu. Hali bu borada katta tahliliy maqolalar yozib, fikrlarni mufassal sharhlash kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda ijtimoiy psixologiyani o‘rganish, uni taftish va tahlil qilish darajasi yuqori emas. Ijtimoiy psixologiya – bu butun bir xalqning, millatning, aholining qarashlari yig‘indisidir. Ijtimoiy tafakkurga qo‘l suqib, davlatning legitimlik darajasi-yu, barcha muhim qadriyatlarning holatini taroziga solib, o‘lchab ko‘rish mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston davlatchiligi qo‘rqayotgan masalalarni, ijtimoiy tafakkur va qarashlarni tahlil qilib, ushbu qo‘rquvlarni sezilarli darajada pasaytirishi yoki yo‘qotishi mumkin edi.

Menda O‘zbekiston ijtimoiy kayfiyati, qarashlari, qadriyatlarining 15-20 yil oldingi holati bilan, bugunini qiyoslash imkoniyati bor. O‘zbekistonda tanqidiy fikrlash oshib bormoqda. Bu bir tomondan, muammolarni anglash bilan, ikkinchi tomondan, nisbiy erkinlik bilan belgilanadi.

Lekin, O‘zbekiston ijtimoiy tafakkuri ancha dinamik o‘zgarmoqda. O‘zbekistonda o‘sish dinamikasi harakatga kelgan. Agar jiddiy xatolar qilinmasa, bu o‘sish davom etadi. O‘zbekiston – modern davlatga aylanib bormoqda. O‘zbekiston modernizmni faqat ko‘chirib olayotgani yo‘q, uni anglab, o‘zi yaratib bormoqda.

Endi, Mustaqillik – bu davlatning bayrami emas. Bu – Millatning bayrami. Millat – bu xalq va davlatning birligidan paydo bo‘ladigan narsa. Siyosiy tizimlarning tabiati o‘zgarib boraveradi, lekin davlat va Millat qolaveradi.

Endigi asosiy masala – davlatni xalqqa, jamiyatga to‘liq bog‘lash sanʼatidir. Bu oson bo‘lmaydi. Lekin, shunga erishilganda, haqiqiy Millat paydo bo‘ladi. Davlat eng qudratli pog‘onaga chiqqan bo‘ladi. Millat – xalqning erkin ruhiyati bo‘lib o‘zini ko‘rsatadi, davlat esa xalqning tanasi bo‘lib kuch-qudrat ifoda etadi.