Bugunga kelib O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar (taksi xizmati) soni 420 mingdan oshgan. Ularning 161,5 ming nafari onlayn-agregatorlar (taksi xizmatlari) orqali taksichilik qilayotganligi aytilmoqda. Bu ko‘rsatkich dekabrning yakunida 80,1 ming, Yanvarning oxirida 113,5 ming nafarni tashkil etgan edi. Demak, oxirgi 2 oyda onlayn-agregatorlar orqali taksichilik qilayotganlar soni de-yure 2 barobardan ko‘proqqa oshgan. De-fakto olganda ularning soni oshgani yo‘q, taksichilik bilan shug‘ullanuvchilar o‘z faoliyatlarini oqartirishmoqda. Va bu juda yaxshi tendensiya.

Ayni paytda o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilarning umumiy soni va onlayn-agregatorlar orqali taksichilik qilayotganlar orasidagi farq juda katta. Bu farq hududlarda telefon orqali ishlayotgan yoki integratsiya qilinmagan agregatorlarda ishlayotgan taksistlar hisobiga bo‘lishi mumkin.

Demak, endigi qadamda mazkur segmentni oqartirish asosiy vazifa bo‘lishi kerak.

Shuningdek, taksichilik, yaʼni yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyatini o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatini 2024 yil oxirigacha emas, cheklanmagan doimiy asosga aylantirish kerak. Davlat taksichilarni emas, o‘zaro raqobatlashuvchi operatorlarni soliqqa tortish orqali yo‘lovchi tashish bozorini tartibga solish yo‘lidan zarracha og‘ishmasligi zarur.

Bitta savol. Nega quruvchi, shifokor, o‘qituvchi emas, balki taksistlarni yetishtirib chiqarmoqdamiz?