2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Baraka topgurlar, o‘zi sal qiya ochilgan avtomashina importini shu tartibda cheklamoqchi bo‘layotgan ekansizlar yoki import avtomashina oldi-sotdisi uchun ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlik talablarini tiklamoqchi ekansizlar, amaldagi qonunga va talablarga rioya qilinglar. Yoki ochiq-oshkora eʼlon qilingizlar, O‘zbekiston buyog‘iga huquqiy davlat emas, deb. G‘ing degan nomard. O‘zlaringiz chiqargan qonun-qoidalaringizga o‘zlaringiz ham amal qilinglar.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan… yangi choralarni belgilaydigan qonunchilik hujjatlari rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi belgilangan. Yaʼni, aytaylik, kecha monopolist lobbichilar foydasiga qaror chiqarib berganingizda ham bu qaror 28 iyundan kuchga kiradi, 1 apreldan emas. Bu qonun, uni aylanib o‘tib bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki ularga qo‘shimcha majburiyatlar yoxud qo‘shimcha xarajatlar joriy qilish Adliya vazirligi tomonidan baholanishi kerak. Bu Prezident qarori.
Uchinchidan, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdan oldin Prezident huzuridagi Jamoatchilik kengashi muhokamasidan o‘tkazilishi kerak. Buyam Prezident qarori.
To‘rtinchidan, meʼyoriy hujjat yoki uning loyihasi mahsulot ishlab chiqaruvchi yoki xizmatlar ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar doirasi va sonini cheklash … yetkazib beruvchilarning bir-biri bilan raqobatlashish imkoniyatini cheklash …yetkazib beruvchilarning bozor munosabatlarida bir-biri bilan raqobatlashish istagini kamaytirsa … raqobat uchun salbiy deb topilishi kerak. Bu Hukumatning qarori.
Shunday ekan, hech qursa O‘zlaringiz chiqargan qonun-qoidalaringizga O‘zlaringiz amal qilinglar.
Agar normal davlatlardagi kabi normal sud bo‘lganida bu kabi monopolistlar foydasiga notarif manipulyatsiyalar allaqachon bekor qilingan bo‘lardi.
Xuddi shu kabi manipulyatsiya Maishiy texnika importi masalasida amalga oshirilganiga hali 3 oy bo‘lgani yo‘q. Legitimligi savol ostida bo‘lganiga qaramay, yumaloq yostiq bo‘lib o‘tib ketganiga endi bu qadam qo‘yilmoqda.
P.S. Aytishlaricha, avtomashinalar importini yana-da takomillashtirish “tashabbusi” Texnik tartibga solish Agentligidan chiqqan ekan.
