O‘zbekni boshiga tushgan “O‘zbekneftegaz”ning chala yolg‘onlari

O‘zbekiston paradoksi yana takrorlandi: Neft 85 dollardan 70 dollarga tushganida narxi o‘zgarmagan benzin narxi neft 84 dollarga chiqqanida yana oshirilmoqda

OPEC+‘ning kunlik neft qazib olish hajmini 1 mln.barrelga pasaytirish to‘g‘risidagi kutilmagan qarori ortidan global bozorlarda “brent” tipidagi neft narxi 84 dollargacha ko‘tarildi.

Qiziq tarafi, bu safar ham O‘zbekistonning ochofat monopolistlari o‘zlari uchun belgilab olgan “neft tushganida benzin narxi tushirilmaydi, neft oshganida benzin narxi oshiriladi” qoidasiga amal qildilar.

Mart oyining dastlabki haftalarida neft narxi 85 dollardan 70 dollargacha tushdi. Lekin ishlab chiqarishdan tortib importgacha barcha zanjirlarni o‘zlariniki qilib olgan monopolistlar benzin narxini bir so‘mgayam tushirishgani yo‘q.

Lekin jumadan boshlab neft narxi ko‘tarilishi bilan monopolistlar masalan, AI 80 benzin narxini 6050-6100 so‘mgacha ko‘tarishga ulgurishdi.

Eslatib o‘tamiz, AI 80 benzini importidan tortib ishlab chiqarishgacha, isteʼmolchi to‘laydigan aksizgacha bekor qilingan.

Prognoz qilganimizdek, ishlab chiqarish, import, ulgurji va chakana savdodagi monopollashgan vaziyatda aksizga imtiyoz berish narxlar o‘sishini to‘xtatib qololmadi. Imtiyozlar monopolistlarning marjasini oshirishga xizmat qilmoqda xolos.

O‘zbekneftegazning chala yolg‘onlari

O‘zbekneftegaz AJ shoʻbasi har qanday vaziyatda benzin narxini oshirish bilan bog‘liq manipulyatsiya ishlatiladigan O‘zbekistonda monopolistlarning o‘zlari o‘zlari uchun belgilab olgan qoidalari aks etgan postga munosabat bildirgan.

Monopolistga ko‘ra, O‘zbekneftegaz bozorning faqat 2,3%ini “UNG Petro” MCHJ sho‘basi orqali nazorat qilarmish. Bu yumshoq qilib aytganda g‘irt yolg‘on. 30 yildan beri ishlatilayotgan yolg‘onlardan balki navbatdagisi.

Birinchidan, bozordagi ulush zapravkalar soni bilan belgilanmaydi. Hattoki alifni kaltak deya olmaydiganlar boshqarayotgan Afg‘onistondayam bozordagi ulushni belgilovchi kriteriya va metodlar songa bog‘lanmagan. Qazib olish, ishlab chiqarish va import hajmi, kiruvchi va chiquvchi zanjirdagi maʼmurchilik, sotuvlar hajmi ulushni o‘lchovchi asosiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Bu sizlar uchun kichik likbez.

Ikkinchidan, shu to‘qilgan yolg‘onda ham yana yolg‘on raqam ishlatilgan. O‘zbekistonda 3000ga yaqin avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari mavjud emas. Benzin va dizel yoqilg‘isi shoxobchalari soni 2226 ta. Ularga egalik qiluvchi kompaniyalar (har bir o‘nlab zapravkalarga egalik qiluvchi) soni esa yanayam kam.

Uchinchidan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan benzinning mutlaq katta qismini O‘zbekneftegaz AJ nazoratidagi BNQIZ ishlab chiqaradi. Masalan, AI 80 ning 77%ini. Tortiq qilib yuborilgan FNQIZ qolgan 23% AI 80ni ishlab chiqaradi. Mana bu yerda birja maʼlumotlari. Kamida 80% birjaga chiqarilayotgan benzin O‘zbekneftegaz AJ va uning nazoratidagi sho‘balar hissasiga to‘g‘ri keladi.

To‘rtinchidan, bizning chala statistikamiz import bo‘yicha keng maʼlumotlarni oshkor etmaydi. Lekin norasmiy qo‘lga kiritilgan maʼlumotlarga ko‘ra, yanvar va fevral oylari bo‘yicha eng katta hajmdagi benzin importi va ayniqsa AI 80 benzini importini O‘zbekneftegaz AJ amalga oshirgan. Ha darvoqe, benzin importi notarif talablari aynan monolpolist va ularning korchalon sheriklari foydasiga maʼmuriy yo‘l bilan qiyinlashtirilgan.

Shunday ekan, toki 2,3% sizlarga mem bo‘lib yopishib qolishidan avval, eshiting, balki yodlab oling. Agar eng katta qazib oluvchi monopolist bo‘lsa, eng katta ishlab chiqaruvchi monopolist bo‘lsa, eng katta importchi, eng katta sotuvchi monopolist bo‘lsa, demak, u monopol mavqesidan foydalangan holda narx manipulyatsiyalarini amalga oshirishi mumkin bo‘lgan monopolist.

Sizlar Afrikadayam qolmagan, lekin o‘zbekistonliklarning sho‘rpeshonasidagi tanlovsiz ko‘rgiligi bo‘lgan AI 80 benzini bilan aynan shunday tarxida narx manipulyatsiyalarini amalga oshirmoqdasizlar.