Shu kunlarda poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar tomonidan “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasidagi tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, “Alpomish” muz saroyida Toshkent shahrining Top-100 ta o‘quv markazlari forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda turli o‘quv markazlari masʼul vakillari va yuzlab maktab-litsey bitiruvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda o‘quv markazi vakillari o‘zlarining loyihalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazib, yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
Shuningdek, bitiruvchi yoshlar o‘zlariga kerakli yo‘nalishlardagi o‘quv markazlar bilan tanishib, turli kurslarga chegirma beruvchi vaucherlarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari uchun «Kelajak Ekspo» mehnat yarmarkasi, mutaxassislik talab etilmaydigan «Diplomsiz ish» mehnat yarmarkasi, «TOP 100 oliy o‘quv yurti» oliy taʼlim muassasalari ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
Gulnoza Boboyeva