2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
2024 yil yakunlari bo‘yicha qachonlardir O‘zbekistonning eng daromadli kompaniyasi bo‘lgan va ishonchli boshqaruvga berilgani tan olinmayotgan, ehtimolki, 500 mln. dollarlik “Shimoldan gaz importi uchun modernizatsiya” loyihasi bo‘yicha yangi qarzlarni jalb qilish uchun o‘tgan yili 10 trln. so‘mlik qarz sxemalari qayta rasmiylashtirilgan “O‘ztransgaz” Davlat ulushi mavjud Top 10 yirik soliq to‘lovchilar safidan uzil-kesil tushib qolgan. Nazarimizda, yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatida 2024 yilda yuz bergan eng asosiy voqelik shu. Ishqilib, “O‘ztransgaz” yirik soliq to‘lovchilari safidan chiqib ketgan bo‘lsada, Armaniston, Qirg‘iziston va gaz shantajiga uchragan Moldovada bo‘lgani kabi shimoldagilar yoki ularning proksilari nazoratiga o‘tib, O‘zbekiston davlati va xalqi qo‘lidan chiqib ketmasin.
Xuddi shu kabi, yangi deyilgan davrda O‘zbekistonning deyarli barcha neft konlari tortiq qilingan, turli yashirin, yopiq va g‘alati qarorlar vositasida ilgari “O‘zbekneftegaz”ga tegishli bo‘lgan aktivlar, ulushlar va huquqlardan tortib ikkinchi eng yirik zavod Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga ega bo‘lib qolgan “Saneg” ham endi xususiy sektordagi TOP-10 yirik soliq to‘lovchilar orasida yo‘q (oxirgi marta 2023 yilda ko‘rinish bergan). Endilikda Saneg bir qismiga aylangan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 2019 yilgacha yirik soliq to‘lovchilar qatoridan tushmagan, konlar va ulushlar, aktivlarni qo‘ya turaylik. “Saneg” turli noshaffof yo‘llar bilan kengaygani sari to‘lanayotgan soliqlar kamayib borayotgani taftish qilinishi kerak. Agar bu aktivlar “xususiylashtirilgani”dan keyin tannarx karrasiga oshgan bo‘lsa, ishlab chiqarish va qazib olish qisqargan bo‘lsa, soliq kamaygan bo‘lsa, Saneglashtirish hujjatlariga qo‘l qo‘ygan janoblar o‘zi nima uchun xususiylashtirdik, degan savol berishlari zarur.
Uchinchi eʼtiborli jihat, bu qachonlardir O‘zbekistonning eng yirik soliq to‘lovchisi bo‘lgan “O‘zbekneftegaz”ning cho‘kishda davom etayotgani. “O‘zbekneftgaz” to‘lagan soliqlar butun 2024 yilda 4,2 trln. so‘mga yetmagan.
Vaholanki, 2023 yilning 11 oyidayoq 4,3 trln. so‘mdan ko‘proq soliq to‘lagan edi. Bo‘g‘zigacha qarzga botgan monopolistning cho‘kish jarayoni qachon to‘xtaydi, to‘xtaydimi o‘zi, kompaniya aktivlarini begonalashtirish, qimmat va tanlovsiz pudratlar orqali pul oqimini sug‘urib olish-chi, nahotki, ko‘ra bila turib, hukumat ifoda etadigan aksiyadorlar, kengash shunga rozi?
