Samarali vaksinani izlash uchun poyga qanday kechmoqda?

Rossiyada Gamaleya instituti tomonidan yaratilgan “Sputnik V” vaksinasini yalpi ishlab chiqarish noyabr oyidan boshlandi. BAA, Hindiston, Venesuela va Belarusda mazkur vaksinaning klinik sinovi o‘tkazilishi maʼlum qilindi. “Sputnik V” samaradorligi 95 foizdan ortiq ekanligi aytilmoqda.

AQSHning “Pfizer” va Germaniyaning “BioNTech” o‘z vaksinalarini YEIda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berdi. Agar dori maʼqullansa, yil oxirigacha undan Yevropada foydalanish boshlanadi.

“Moderna” esa Amerikaning “FDA” regulyatoriga o‘z vaksinasidan foydalanish bo‘yicha talabnoma yubordi. “FDA” bu borada “Pfizer” vaksinasini ham ko‘rib chiqyapti. Dekabr o‘rtalariga kelib virusga qarshi shu va boshqa malhamlar ham maʼqullanishi mumkin.

Buyuk Britaniya regulyatori esa esa “Pfizer” va “BioNTech” hamda “AstraZeneca”, shuningdek, Oksford universitetida yaratilgan vaksinalardan foydalanishga ruxsat berishi mumkinligi haqida gapirilayotgan edi. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, hozircha qirollikda “Pfizer/BioNTech” vaksinasini qo‘llashga ruxsat berilgan. U ushbu yo‘nalishdagi birinchi Yevropa mamlakatiga ham aylandi. Ommaviy vaksinalash esa 2021 yilning birinchi yarmiga rejalashtirilyapti.

Xitoyning “Sinopharm” davlat kompaniyasi o‘z vaksinasini sotuvga chiqarishga ruxsat berishlari uchun ariza berdi. XXRning “SinoVac” kompaniyasi esa koronavirusga qarshi dori yaratish ishlarini yanvar oyidayoq boshlab yuborgan edi. Uning mahsuloti yil oxirigacha bozorda paydo bo‘lishi mumkin.

“Bharat Biotech” va Hindistondagi zardob instituti vaksinalari mos ravishda kelgusi yilning fevral hamda yanvar oylarida paydo bo‘lishini maʼlum qilgan.

Manba