Kremlparast ekspertlar Turkmanistonga bosimni davom etmoqdalar

Moskva Turkmanistonga oʻz iqtisodiyotini yaxshilashi va xavfsiz yashashiga faqat Rossiya yordam berishi mumkin, deb Ashxobodni ishontirishga urinmoqda.

ASHXOBOD – Turkmaniston hukumati Rossiyaning homiyligisiz iqtisodiy va boshqa muammolarga duch kelishi kelishi haqida ogohlantirgan kremlparast mutaxassis tanqid ostida qoldi.

Turkmaniston Rossiya tomon yuzlanmas ekan, uni ogʻir kunlar kutib turibdi, deb aytgan rossiyalik tahlilchi va Moskvadagi “Alpari” tahliliy markazi direktori Aleksandr Razuvayev.

Turkmanistonlik internet foydalanuvchilari va siyosiy tahlilchilar Razuvayevning 20-noyabr kuni “PolitEkspert” nashri bilan suhbat asnosidagi bayonotlariga eʼtiroz bildirdilar.

COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz sharoitida Turkmaniston duch kelgan muammolar haqida mulohaza bildirar ekan, Razuvayev mamlakat Rossiyaga murojaat qilsa, oʻzini nochorlikdan saqlab qolishi mumkinligini aytgan.

“Rossiya bilan normal munosabatlar pul, investitsiyalar va madaniy almashuv uchun yoʻl ochadi”, dedi u.

Oʻzini betaraf mamlakat deb eʼlon qilgan Turkmaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT), Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi Rossiya boshchiligidagi bloklarga aʼzo boʻlmagan.

Tanish tahdidlar

Razuvayev – zamonaviy dunyoda postsovet davlatlarning Rossiyasiz kun koʻrishi qiyin boʻladi, deb iddao qilayotgan birinchi yoki oxirgi rossiyalik tahlilchisi emas, deydi ashxobodlik politolog Dovlet Muradov.

“Bu ekspertlarning bari Turkmanistondagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini mamlakati rahbariyatining Rossiya va uning boshchiligidagi mintaqaviy tuzilmalar bilan aloqalarni mustahkamlamayotgani bilan izohlashga urinmoqda”, dedi u.

Ular oʻz iddaolarini asoslash uchun, Rossiya bilan hamkorlik uning etagini tutganlar uchun yaqqol foyda olib kelgani bogʻliq misollarni keltirmoqdalar, dedi u.

“Masalan, janob Razuvayev Qozogʻiston bozoridagi yutuqlar hamda Rossiyaning “Gazprom” va “Lukoyl” kompaniyalari faoliyat koʻrsatayotgan Oʻzbekistonning muvaffaqiyatlar haqida soʻzlamoqda. Ammo Turkmanistonda ular yoʻq”, dedi Murodov.

Murodov va boshqa tahlilchilar Turkmaniston koʻplab iqtisodiy muammolarga duch kelayotganini inkor etmaydilar.

Hukumat moliyaviy muammolarni boshdan kechirmoqda, mamlakatda mahsulot taqchilligi yuzaga kelgan, ishsizlik darajasi yuqori va investitsiyalarning kamligi esa iqtisodiy oʻsishga toʻsiq boʻlmoqda.

Lekin, bu muammolar Turkmanistonning Rossiya bilan munosabatlarda qoʻshnilaridek yoʻl tutmagani oqibatida paydo boʻlmagan, deydi ular.

Turkmanistonning muammolari qisman bir tarafdan global iqtisodiy inqiroz va koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqqan boʻlsa, boshqa tarafdan mamlakat rahbariyatining notoʻgʻri iqtisodiy qarorlari natijasida yuzaga kelgan, deydi Moliya va iqtisodiyot vazirligining Iqtisodiy xatarlardan himoya qilish agentligi xodimi Maysa Nuryogʻdiyeva (iltimosiga koʻra familiyasi oʻzgartirilgan).

“Jahon bozorida energiya tashuvchilar narxi tushib ketdi, davlat gʻaznasiga valyuta tushumi kamaydi, (pandemiya tufayli) chegaralar yopildi, ammo afsuski, hukumat hali ham velosiped yoki alabayga (turkmanlarning zotdor iti) ulkan haykallar oʻrnatish uchun pul sarflamoqda, dedi u.

Turkmaniston barcha mamlakatlar, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi kichik subyektlar, xususan Astraxan viloyati, Tatariston va Sankt-Peterburg bilan doʻstona savdo-iqtisodiy aloqalarga ega, dedi Nuryogʻdiyeva.

“Janob Razuvayev Rossiya bilan “normal munosabatlar” deganda nimani nazarda tutgani tushunarsiz. Ehtimol, bu itoatkorlik va Moskvaning izmiga toʻliq boʻysunish, shuningdek, ayrim masalalarda yon berish boʻlsa kerak”, deb qoʻshimcha qildi u.

Turkmanistonning neytral maqomi bilan oʻyin

Nuryogʻdiyevaning aytishicha, rossiyalik mutaxassislar Turkmaniston bilan bogʻliq vaziyatni atayin keskinlashtirib, mamlakatning bundan 25 yil avval BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi bilan mustahkamlangan neytral maqomi bilan oʻyin qilmoqdalar, dedi Nuragdiyeva.

“Rossiyalik ekspert Razuvayev ham Turkmaniston soʻzsiz amal qiladigan betaraflik tamoyillarini boshqa tushunchalarga almashtirib, suveren mamlakat rahbariyatini tashqi dunyoga yopiqlikda ayblamoqda”, dedi u.

“Razuvayevning iddaosicha, agar Turkmaniston Rossiya bilan tegishli iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻysa, dunyo uchun ochilar ekan”, deydi u.

Murodovning taʼkidlashicha, Turkmaniston betaraflik maqomi sababli harbiy bloklarga qoʻshila olmaydi, ammo Moskva KXSHT kabi mintaqaviy institutlar bilan yaqinroq hamkorlikni talab qilishda davom etyapti.

U, xususan, yuqori martabali KXSHT (Rossiya boshchiligidagi harbiy blok) amaldorlarining chaqiriqlariga toʻxtalib oʻtdi.

“Qiziq tarafi shundaki, hamkorlikka chaqiriqlar, odatda, Turkmaniston-Afgʻoniston chegarasidagi vaziyatning keskinlashuvi yoki Turkmaniston chegarasi yaqinida jangarilar toʻplanib qolgani haqidagi xabarlar ortidan yangraydi”, dedi Murodov KXSHTning 2017-yilgi hisobotiga ishora qilib.

Vahima qoʻzgʻash

Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, KXSHT rasmiylari Afgʻonistonning Turkmaniston bilan chegaradosh viloyatlaridagi haqiqiy vaziyatni boʻrttirib koʻrsatib, afgʻon jangarilari bilan qoʻrqitish orqali vahimani kuchaytirmoqda.

2018-yil noyabr oyida MDHga aʼzo davlatlar chegara qoʻshinlari qoʻmondonlari kengashining yigʻilishida KXSHT Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Valeriy Semerikov “turkman-afgʻon chegarasida qudratli ekstremistik guruh” paydo boʻlgani va bu yerdagi vaziyat qaltis tus olgani, “Turkmaniston qurolli hujumlar va provokatsiyalar xavfi bilan yuzma-yuz kelayotgani” toʻgʻrisida ogohlantirgan edi.

Bundan bir necha kun avval, 18-noyabrda esa Moskva Afgʻoniston tarafidan shunday tahdid yuzaga kelayotganini aytib “qoʻrqitgan” edi, deydi Murodov. Bu safargi bayonot Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibining oʻrinbosari Aleksandr Venediktov zabonidan yangragan.

“Rasmiylar va ekspertlarning bu kabi barcha bayonotlaridan maqsad, Turkmanistonni KXSHTga aʼzo boʻlishga ishontirish, ammo bu harakatlar behuda”, dedi Murodov.

Turkmaniston betaraflik tamoyillariga rioya qilgan holda, Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish yoʻlida harakat qilmoqda, dedi Turkmaniston Davlat xavfsizlik kengashi kotibi Chorimurod Omonov kengashning 18-noyabr kuni boʻlib oʻtgan joriy yilgi yakuniy onlayn majlisida.

Jumaguli Annayev