“Osiyo” teleserialining suratga olish ishlari boshlandi

2000 yillardan to bugungi kunga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga qamrab olgan  “Osiyo” milliy teleseriali “Mening yurtim” telekanali buyurtmasiga asosan suratga olinmoqda.

Serialda o‘z manfaati uchun boshqalar hayotini qurbon qilish hamda yaqinlari taqdirini o‘zgartirishga urinishning oqibatlari, qarzga olingan orzularning badali haqida so‘z yuritiladi.

Serial haqidagi sirlarni biroz ochadigan bo‘lsak, “Osiyo” farzandlari uchun jinoyatga qo‘l urgan ona va hayot mashaqqatlariga duchor bo‘lgan sevishgan ikki yoshning mahzun muhabbat tarixi haqida so‘zlaydi. Mavsum oxirigacha yechimi nomaʼlum jumboqlarga boy syujetlar, qaytar dunyo, muhabbat, xiyonat, oqibat kabi mavzularni qamrab olgan teleserial teletomoshabinlar auditoriyasini befarq qoldirmaydi deb umid qilamiz.

“Osiyo” milliy teleserialida professionallar jamoasi jamlangan bo‘lib, ssenariy muallifi taniqli yozuvchi va publitsist Dilfuza Sobirova.

Serialning postanovkachi rejissyori va operatori AQSHning yirik kinokompaniyalarida tajriba orttirgan Hasan va Husan Otabayevlar.

Ziddiyatga boy serial voqealarini Bobur Yo‘ldoshev, Shahlo Temirova, Muyassar Berdiqulova, Jamila G‘ofurova, Vazira Yunusova, Talʼat Yo‘ldoshev kabi o‘z ishining profesionallari jonlantirishadi.

“Osiyo” teleseriali 4 mavsumdan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan.  Har bir mavsum 60 qismdan iborat.

Teleserial premyerasi 2021 yil fevral oyida bo‘lib o‘tadi.

“Osiyo” “Mening yurtim” telekanalining muxlislari uchun o‘ziga xos maxsus sovg‘a bo‘ladi deb umid qilamiz.