“Toshkent Sity” bog‘i va ijtimoiy tarmoqlar. O‘zi nima gap?

«Toshkent Sity» bog‘iga kirish pullik bo‘lganligi tufayli ko‘plab blogerlarimiz o‘zlarining fikrlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirgan. Bu fikrlar jamoatchilik tomonidan ham maʼqullanmoqda. Quyida bildirilgan fikrlarni jamlab sizlarga ham ilindik.

«Toshkent Sity» bog‘i xarajatlarini kim qoplashi kerak? Tashrif buyuruvchilar-mi? Yo Investorlar?

Menimcha bu odam, garchi hokim-tadbirkorga aylanguncha bir muddat «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazi Direksiyasi rahbari bo‘lib ishlagan bo‘lsa ham, na qonun-qoidani va Direksiya xarajatlari qaysi mablag‘lar hisobiga qoplashi lozimligini bilmaydi, yoki hozir masʼuliyatni bo‘yniga olish va xatoni to‘g‘rilash o‘rniga o‘zidan bunga aloqador bo‘lmagan bexabarlik chirog‘ini yoqib olgan.

8- lotdagi Toshkent City bog‘ini “Discover Invest” MCHJ qurgan. Tadbirkor hokim juda yaxshi eslasalar kerak bu kompaniyani. Butun Yevropa, butun dunyo biladi. Ikir-chikirigacha.

Bog‘ni qurishga buyurtmani «Toshkent Sity» direksiyasi bergan. Bog‘ni ekspluatatsiya qilish ham Direksiya zimmasida. «Toshkent Sity» direksiyasi esa Hukumat qoshidagi davlat unitar korxonasi hisoblanadi. Yaʼni dehqoncha aytganda, bog‘ning maʼmuriy, huquqiy egasi hech qanaqa investor, tijoratchi yoki tadbirkor hokim emas. Davlat!

Darvoqe, «Toshkent Sity» ishbilarmonlik markazi Maʼmuriy kengashi Raisi Bosh vazir Abdulla Aripov hisoblanadi.

Aynan bosh vazir Aripov rahbarligidagi Maʼmuriy kengash Direksiya va uning faoliyatidagi xarajatlarni qoplash smetasini tasdiqlaydi.

«Toshkent Sity» bog‘ining faoliyat ko‘rsatish xarajatlari, tadbirkor hokim aytgandek, fontanlarning ishlashi, o‘tlarning o‘sishi, daraxtlarning saqlanishi va umuman barcha xarajatlar mana shu smeta hisobidan qoplanadi.

Smetaga pul qayerdan keladi dersiz? Smetaga pul «Toshkent Sity» dagi  qolgan 7ta lotdagi investorlarning to‘lovlari, xususan investitsion majburiyatlaridan keladigan mablag‘lardan qoplanishi kerak.

Ayrim mustaqil surishtiruvlarga ko‘ra o‘sha lotlardan 3tasi yoki 4tasiga hokim tadbirkor ham bilvosita va bevosita daxldor.

Mundoq aytganda, «Toshkent Sity» direksiyasi va bog‘ni xarajatlari qoplanmayotgan bo‘lsa, investorlarni savolga tutish kerak. Ular o‘z majburiyatlarini vaqtida bajarayaptimi. Bajarayaptimi o‘zi?

Demak, yana qaytaramiz: «Toshkent Sity» bog‘i xarajatlarini qoplashda muammo ko‘tarilgan bo‘lsa, boqqa tashrif buyuruvchilardan 10 ming so‘mdan pul undirish emas, investorlarni so‘roqqa tutish lozim.

Yuqorida aytganimizdek mustaqil surishtiruvlarga ko‘ra o‘sha lotlardan 3tasi yoki 4tasiga hokim tadbirkor ham bilvosita va bevosita daxldor. Endi savol: hokim tadbirkor o‘zini o‘zi so‘roqqa tutadimi? Yo‘q, buni boshqa, vakolatli organlar amalga oshirishi lozim.

Yana bir qiziqarli materil…

Teng tengi bilan, tezak qopi bilan

Tashkent City’ga pullik kirish shundan ham “mo’may daromad” topish uchun qilinmayapti, albatta. Bu yerda ochofatlik, navbatdagi “lyubaya biznes harasha”ni ko’rish noo’rindir. Aslida, City egalari u yerga odam kirmay qo’ysa ham, rozi. Chipta shunchaki tashrifchilarni saralash vositasidir.

Hozirda “viloyatlikka o’xshab kiyingan” lyumpen-proletariat City’ga yopirilib, City’da ishlashi, yashashi kerak bo’lgan yangi boylarning huzur-halovatini, kayfiyatini buzmoqda.

Boylar past tabaqaning horg’in, kasalmand yuzlarini, juldur kiyimlarini ko’rib turish uchun City’da ofis va xonadonlarni yuz minglab dollarga sotib olmagan. O’ziga o’xshagan muvaffaqiyatli, sog’lom, boy qatlam vakillari bilan kundalik hayotini o’tkazmoqchi. City’ga yopirilib kelayotgan qashshoqlashib ketgan pastki tabaqa ularning kayfiyatini tushurib yuboryapti.

Gapda bo’lsa ham, ijtimoiy tenglik, birodarlikni targ’ib etib, sinflashishni oldini olishga harakat qilgan sobiq sotsialistik O’zbekistonda “teng tengi bilan, tezak qopi bilan” falsafasi, sotsial-darvinizm uzil-kesil g’alaba qildi. Tabaqalashish – normal holat, boy va xizmatchilarga bo’linmagan jamiyatning dunyoda o’zi yo’q. Hamma gap, bu sotsial-darvinizmni madaniylashtirib, qolipta ushlab turish, salbiy oqibatlarini cheklashda. Biz hali bu darajaga yetib kelmadik.

«Toshkent Sity» – pullik siti

Sal ishlar bilan bo‘lib telegramga kira olmadim, qarasam Tashkent siti pullik bo‘lib qolibdi.

Ha, endi Tashkent Siti maydoni tadbirkorlik subyektiga qarashli deb oladigan bo‘lsak, har qanday tadbirkorlikning asosiy maqsadi foyda olish.

Qarasa, odam kelib turibdi, kim viloyatdan kelsa, bir bor shu sitiga borib hech bo‘lmasa rasmga tushib ketmoqda. Demak pul qilsa bo‘ladi, qilish kerak.

Men qoyil qoldim, Jahongir aka, gazini bosing. Xalq norozi bo‘ladimi yo‘qmi, buning nima farqi bor, 6 sekundlik dunyoda pul qilish kerak tamom.

Ha, yana bir taklif, Sitiga kirgan odam sovuqdan hojatga borgisi kelib qoladi, hojatxona narxini atigi 2000 so‘m qilib qo‘yibsizlar, axir monopoliya qoidalariga shu yarashadimi? Yo‘q, albatta, birdan 10000 so‘m qilish kerak, keyin aksiya eʼlon qilasiz, kirish 10000, hojatxona 10000, ikkalasiga birdan chipta sotib olsa, 18000 so‘m, 2000 foyda desangiz, odam shunga ham xursand bo‘lib yuraveradi