Xitoy oldidagi qarzimizni kim to‘laydi?

So‘nggi paytlardagi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ijobiy dinamikaga qaramay, O‘zbekiston uchun bir qator jiddiy xavotirlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan:

·               ikki tomonlama savdo-sotiqda saldoning XXR foydasiga ortib borayotgani;

·               O‘zbekiston iqtisodiyotining bir qator strategik sohalarida (telekommunikatsiya, bank sektori, qishloq xo‘jaligi) Xitoy texnologiyalari ulushi ortib borayotgani kuzatilayotgani;

·               O‘zbekistonning Xitoy oldidagi davlat qarzi ortib borayotgani.

 So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi davlat qarzining 20 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonda ham Tojikistonda bo‘lgani kabi barqaror aksilxitoy kayfiyati yo‘q. O‘zbekiston Xitoyning Shinjondagi milliy siyosatiga hech qanday munosabat bildirmayapti, bu esa o‘z navbatida Toshkentni Pekinning mintaqadagi ancha qulay va ishonchli sherigiga aylantirgan.

“Central Asia Barometer” institutining mintaqa mamlakatlarida so‘nggi 2 yil davomida o‘tkazgan so‘rovi natijalari ko‘rsatishicha, mamlakatda Xitoy biznesiga do‘stona munosabat asta-sekin zaiflashib bormoqda. Agar 2019 yilda o‘zbekistonliklarinng 65 foizi Xitoyning yurtimizda amalga oshirayotgan energetika va infratuzilma loyihalarini “qatʼiy qo‘llab-quvvatlagan” bo‘lsa, 2020 yilda qo‘llab-quvvatlash darajasi 48 foizga tushib qoldi.

Keskin qarshi” bo‘lgan kishilar soni 2 foizdan 10 foizga ko‘tarildi. Shuningdek, O‘zbekiston aholisi o‘rtasida Xitoy oldidagi davlat qarzi oshib borayotgani bilan bog‘liq xavotirlar keskin oshayotgani kuzatilmoqda.

Xitoy oldidagi davlat qarzi ortib borayotganidan tashvishlanayotgan O‘zbekiston vatandoshlari soni 2019 yildagi 7 foizdan 2020 yilda 25 foizgacha ko‘paygan.