Saudiya qirollik oilasi, xususan, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon o‘z malakatining 2030 yilga kelib, jahondagi yetakchi kuch markazlaridan biriga aylanishida uch asosiy ustuvorlik mavjud deb hisoblaydi, ular: arab-musulmon dunyosining markazi sifatidagi yetakchilik maqomi, investitsion salohiyati hamda strategik qulay o‘rnidan foydalanib, xalqaro savdoning boshqaruvchilaridan biri bo‘lish va shu orqali Afrika, Osiyo hamda Yevropani birlashtiruvchi kuch sifatida o‘z-o‘zini namoyon qilish.
«Vision 2030» bu – Saudiya Arabistonining yirik iqtisodiy islohotlar dasturi hisoblanadi. U mamlakatni anʼanaviy iqtisodiy tizimdan rivojlangan, barqaror, kuchli va xalqaro miqyosda raqobatbardosh iqtisodiy tizimga ega davlatga aylantirish uchun joriy qilingan dasturdir.
Mazkur dasturda ichki iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar bilan birga mintaqaviy hamda xalqaro miqyosdagi tashqi siyosatga ham alohida urg‘u berilgan. So‘nggi yillarda mamlakat tashqi siyosat borasida faollik ko‘rsatib, o‘zining anʼanaviy hamkor davlatlari geografiyasini kengaytirishga harakat qilmoqda. Shunga ko‘ra, Saudiya Arabistoni musulmon dunyosidagi yetakchilik maqomini mustahkamlash, rivojlanayotgan musulmon davlatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga, istiqbolli bozorlarni izlab topish maqsadida Markaziy Osiyo mintaqasiga eʼtibor qaratmoqda. U mintaqadagi istiqbolli mamlakatlar sifatida O‘zbekiston va Qozog‘istonni eʼtirof etadi. So‘nggi uch yilda Saudiya mintaqaga yo‘naltirgan sarmoyalarining eng katta qismini O‘zbekiston iqtisodiyotidagi turli tarmoqlar, xususan, energetika sohasiga yo‘naltirdi. Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, Saudiya Arabistonining iqtisodiy kelajagi uchun poydevor vazifasini o‘tayotgan “Vision 2030” yangilanayotgan O‘zbekistonning ham iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Quyida buni bir necha raqamlar tahlili bilan ko‘rsatib berishga harakat qilamiz.
Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston munosabatlaridagi iliqlik yangi hodisami?
Arab-o‘zbek munosabatlaridagi hozirgi iliqlik yangi hodisa emas. Zero, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan asrning 90-yillarida ham mavjud edi. Hozirgi holat ko‘proq 90-yillarda arab olami bilan ko‘zda tutilgan o‘zaro manfaatli va pragmatik munosabatlarni yangi sharoitlarda qurishni davom ettirish va jarayonning tezlashishidir. 2017 yilgacha bo‘lgan bosqichda tomonlar bir-birining imkoniyatlari va salohiyatini chuqur o‘rgangan. Eng avvalo, siyosiy rejimlardagi tafovutlar va Arab hududlaridan radikal g‘oyalar kirib kelishi bilan bog‘liq tahdid ushbu munosabatlar to‘laqonli rivojlanishiga to‘siq bo‘ldi.
2016 yildan O‘zbekistonda boshlangan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat sharoitida Arab davlatlariga nisbatan qarashlar o‘zgardi. O‘zbekistonning arab davlatlaridagi tashqi siyosati mintaqa atrofida barqarorlik hamda xavfsizlik belbog‘ini barpo etish masalalarini o‘z ichiga olgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan asosiy vazifalardan kelib chiqadi. Arab davlatlaridagi yetakchi nashrlardan biri – “Riyadhpost” nashri “so‘nggi yillarda Fors ko‘rfazi Arab davlatlari Markaziy Osiyo mintaqasiga o‘z eʼtiborini qaratmoqda” deb yozadi. Nashr xulosasiga ko‘ra, ko‘rfaz Arab davlatlarining bu hamkorligi iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlagan bo‘lib, mintaqa davlatlari iqtisodiyoti rivojlanishiga ko‘maklashish hamda istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishdan iboratdir.
Yevropaning Markaziy Osiyoga oid tadqiqotlarni eʼlon qilib boruvchi “Novastan” nashri ham Fors ko‘rfazi arab davlatlarining mintaqadagi faollashuvini yangi bir hodisa sifatida baholamaydi. Unda yozilishicha, “ular (Saudiya Arabistoni va BAA) bu faollik orqali o‘zlarini yangi mintaqaviy kuch sifatida namoyon etishlarini yana bir bor tasdiqlamoqda. Garchi, asosiy motivlardan biri iqtisodiy manfaatdorlik bo‘lsa-da, baribir geosiyosiy masala muhim ahamiyatga ega” – deb yozadi.
Taʼkidlaganimizdek, 2017 yilda xalqaro va ichki vaziyat o‘zgarishi sharoitida mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Arab davlatlariga, xususan, Fors ko‘rfazi Arab davlatlariga nisbatan munosabat ham o‘zgardi. Buni Saudiya Arabistoni va BAA kabi davlatlarning respublika iqtisodiyotiga sarmoyalar kiritish borasidagi faolligida ko‘rish mumkin. Saudiya Arabistonining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi turli tarmoqlarga sarmoyalar kiritishi 2018-2021 yillarda jadal tus oldi va u o‘zaro munosabatlarning butun tarixi davomidagi ko‘rsatkichlardan ham oshib ketdi. Shuningdek, “Vision 2030” dasturi doirasida Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga yangicha nigoh bilan qarayotgani hamkorlik aloqalariga faollik tusini bermoqda. Hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida o‘ndan ortiq istiqbolli rejalar tayyorlanayotgani hisobga olinsa, Saudiya – O‘zbekiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi, deb aytish mumkin.
Saudiya Arabistoni O‘zbekiston energetika bozorida faollashmoqda
2021 yilning 25 yanvar kuni O‘zbekistonga tashrifi asnosida Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih energetika sohasidagi shartnomalarni nazarda tutib, “bu shartnomalar ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi”, deb taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Saudiya Arabistonining asosiy sarmoyalari mamlakat energetika tarmoqlariga yo‘naltirilmoqda. Eng ko‘p sarmoyalar birinchi o‘rinda energetika sohasiga, undan so‘ng esa qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, fan va taʼlim sohalariga yo‘naltirilganini ko‘rishimiz mumkin.
2020 yildan eʼtiboran, Saudiya Arabistonidagi yetakchi kompaniyalardan biri “ACWA Power” O‘zbekiston energetika bozoriga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan xorijiy investorlardan biri bo‘lib turibdi. Kompaniya xalqaro maydondagi faoliyatini Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 12 mamlakatda amalga oshiradi. So‘nggi yillarda u Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda katta loyihalarni amalga oshirishga kirishgan.
“ACWA Power” kompaniyasining keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga O‘zbekiston sarmoyaviy bozorida ishtirokni kengaytirish niyatida ekanini bildirmoqda. Sirdaryo IES qurilishiga start berilgach, Navoiy va Buxoro viloyatlarida mos ravishda umumiy quvvati 1000 MVtlik “Bash” va “Jonkeldi” shamol elektr stansiyalari qurilishi bo‘yicha imzolangan investitsiya shartnomalari buning tasdig‘idir. 2024 yilda ishga tushirilishi mo‘ljallangan mazkur elektr stansiyalari yiliga 3,6 mlrd kVt*s miqdorida arzon elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlaydi. Loyihalarning umumiy qiymati 1,3 mlrd dollarni tashkil etadi.
“ACWA Power” prezidenti Paddy Padmanathan “Strategik darajada ushbu loyiha Saudiya Arabistonining butun jahon bo‘ylab hukumatlar bilan arzon energiya va suv taʼminotiga bo‘lgan talabi ortib borishini taʼminlashga sodiqligining yana bir misolidir. Kompaniya boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan esa “Sirdaryo IES qurilishiga start berilishi, ESK va O‘zbekistonning past darajali uglevodorod chiqindili resurslardan foydalanishga o‘tishida muhim omil sanaladigan Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi “Bash” hamda “Jonkeldi” shamol elektr stansiyalari bo‘yicha Investitsiya kelishuvlari imzolanishi bizning energetika tarmog‘ini isloh qilish va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirilishini rag‘batlantirish jarayonidan ilgarilab ketishga bo‘lgan intilishimizni ifodalaydi. Bu, shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, Saudiya Arabistoni Qirolligi tashqarisida xorijiy investitsiyalar hajmini yana-da oshirish hisobiga bizning “Vision–2030” loyihasiga rioya qilayotganimizni tasdiqlaydi”, dedi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va «Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group» kompaniyasi o‘rtasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan «DirectFN Ltd.» kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumlari imzolandi.
Kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, Saudiya Arabistoni haqiqatan ham, so‘ngi yillarda O‘zbekiston ishbilarmonlik muhitidagi ishtirokini kengaytirishga urinmoqda. Ammo bu ko‘p holatlarda ayrim sohalarnigina qamrab olyapti. Yaʼni yuqorida tahlil qilinganidek, hamkorlik energetika sohasi bilangina cheklanib qolyapti.
Istiqbolli yo‘nalishlar
Hamkorlik geografiyasini kengaytirish hamda rivojlanayotgan musulmon davlatlarni qo‘llab- quvvatlash tamoyillariga sodiqlikni hisobga olgan holda Saudiya bilan nafaqat energetika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga, balki uning ulkan salohiyatidan boshqa bir qator tarmoqlarni rivojlantirishda ham foydalanish samarali natijalarga olib keladi.
Xususan, sog‘liqni saqlash, metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya sohasi, transport va logistika, fond bozorini rivojlantirish, turizm kabi qator yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni birgalikda ishlab chiqish respublikada mazkur sohalar rivojiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Saudiya Arabistoni O‘zbekistonda qishloq aholisi va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish hamda xorijga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini keyinchalik yetkazib berishni tashkil etish asosida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va chorvachilik sohasida O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni qo‘shma korxonalarini tashkil etishga katta qiziqishi mavjud va u bu borada aniq dasturlar ishlab chiqilishini kutmoqda.
Shavkat Ikromov – Yaqin Sharq davlatlari bo‘yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o‘qituvchisi