Shimoliy Koreya sanksiyalarni bekor qilishni talab qilmoqda

CNBC telekanali  xabar berishicha, Shimoliy Koreya AQSH bilan yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashning sharti sifatida metallar, yoqilg‘i va boshqa muhim narsalarni olib kirishni taqiqlovchi xalqaro sanksiyalarni bekor qilishni talab qilmoqda.

Shuningdek, alkogolli ichimliklar va kiyimlarni import qilish uchun ham sanksiyalarni yumshatishga chaqirmoqda.

2021 yil aprelda KXDR rahbari Kim Chen In va Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In o‘zaro ikki davlat o‘rtasidagi ishonchni qayta tiklashga va munosabatlarni yaxshilashga tayyor ekanliklarini bildirgan edi. 27 iyul kuni esa Kimning tashabbusi bilan bir yil oldin uzilgan aloqa liniyalari qayta tiklandi.

2020 yilda Shimoliy Koreya iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi va yomon ob-havodan zarar ko‘rdi, shu sababdan, mamlakatda ayni vaqtda 1 million tonnaga yaqin guruchga ehtiyoj sezilmoqda.

Avvalroq, Janubiy Koreya va Amerika harbiy kuchlari o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yillik harbiy mashg‘ulotlar ikki Koreya aloqalarini yaxshilash istiqbollariga putur yetkazishi haqida Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Yo Chjong maʼlum qilgan edi.

Kim Yo Chjong: “Bir necha kundan beri men Janubiy Koreya armiyasi va AQSH kuchlarining  qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilganligi bo‘yicha noxush xabarlarni kuzatib bormoqdaman. Men bu tadbirlarni o‘tkazilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonchni yo‘qqa chiqarishidan xavotir olayapman. Bizning hukumat va armiyamiz Janubiy Koreya tomoni avgust oyida o‘tkaziladigan harbiy mashg‘ulotlarni kuzatib boradi”.

AQSH diplomatiyasi Shimoliy Koreyani iqtisodiy va siyosiy bonuslar evaziga yadroviy dasturidan voz kechishga ko‘ndirishga hozircha erisha olmadi. 2020 yil iyun oyida Prezident Donald Tramp Pxenyanga 2008 yildan beri amalda qo‘llanilib kelinayotgan sanksiyalarni uzaytirish bo‘yicha qarorni qabul qilgan edi.