IMTIYOZ, MEHR – OILANI O‘RNINI BOSA OLADIMI?

Doimgidek aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan nogironligi bor hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan  yoshlarimizning davlat tomonidan qo‘llab-quvatlanishi, ijtimoiy taʼminotining yaxshilanishi hamda bu sohadagi islohotlarning samaradorligini oshirish – bugungi kunda eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni munosib taʼlim olishi, kasb-hunarga yo‘naltirish uchun shart-sharoitlar yaratish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini taʼminlash maqsadida oliy taʼlim muassasalarida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan chin yetim, ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan va Mehribonlik uyida tarbiyalangan talabalar uchun “Yoshlar taʼlim granti” loyihasi doirasida o‘tgan 4 yil davomida oliy taʼlim muassasalarida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan chin yetim, nogiron, ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan va “Mehribonlik uyi”da tarbiyalangan, boquvchisini yo‘qotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 729 nafar talabalarning 2 mlrd 100 mln so‘mlik to‘lov shartnoma mablag‘lari to‘lab berilgan.

Maʼlumot uchun bugungi kunda respublika miqyosida jami 16 ta Mehribonlik uylari hamda 4 ta bolalar shaharchasi faoliyat olib boradi.

Tahlillarga ko‘ra, mazkur muassasalarda respublika miqyosida
3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1870 nafar yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiyalanmoqda.

Shundan 338 nafari (18%) chin yetim bolalar, 499 nafari (27%) ijtimoiy yetim bolalar, 684 nafari (36%) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlarning farzandlari, 184 nafari (10%) kam taʼminlangan oila farzandlari, 69 nafari (4%) nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandlari, 96 nafari (5%) ozodlikdan mahrum qilinganlar farzandlaridir.

Tashkilot tomonidan mehribonlik uylari bitiruvchilariga davlat tomonidan ajratilayotgan barcha imtiyoz va kafolatlar (uy-joy, ish bilan taʼminlanish, oliy taʼlimga kirish kvotalari) bilan shaffof va adolatli ravishda taʼminlanganlik darajasini monitoring qilish va bu sohadagi statistik raqamlar balansini real holatga keltirish maqsadida yagona elektron platformaishlab chiqilib, mamlakatimizdagi 16 ta mehribonlik uyi, 4 ta bolalar shaharchalari  hamda 3 ta SOS bolalar  mahallalarida istiqomat qilayotgan tarbiyalanuvchilar hamda vasʼiylik va homiylikka olingan  yoshlar, 86 ta nogironlik muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar to‘g‘risidagi batasil maʼlumotlar “yoshlardaftari.uz” elektronplatformasiga yuklandi.

Bundan tashqari ularni bandligi va uy-joy bilan taʼminlanishi mexanizmlari ishlab chiqilib, “Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2021 yil 11 martdagi 132-son hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarining haydovchilik kurslarida o‘qish xarajatlari va safarbarlik chaqiruv rezervi xizmati badali Davlat byudjeti mablag‘lari (Yoshlar jamg‘armalari) hisobidan to‘lanadi.

Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridagi mehribonlik uyi bitiruvchilari orasidan haydovchilik kurslarida o‘qish va safarbarlik chaqiruv rezervi xizmatiga boruvchi yoshlar ro‘yxati shakllantirilmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga (chin yetim, mehribonlik uyi, bolalar shaharchasi, SOS bolalar mahallalari hamda muruvvat uylarida tarbiyalangan, boquvchisini yo‘qotgan hamda ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga) bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida yangi tartib ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning
28 iyul kuni kam taʼminlangan oilalar hamda mehribonlik uylarida istiqomat qiluvchi bolalarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida qabul qilingan qarorlar, jumladan sohada yangi tizim joriy qilinib, 16 ta „Mehribonlik uylari“ va 4 ta „Bolalar shaharchalari“ Xalq taʼlimi vazirligi tizimidan Milliy gvardiyaga o‘tkazilishi maʼlum qilindi.

Joriy yildan boshlab Vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar ham oliygohlarga kirishda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotadan foydalanadilar (Mehribonlik uylarini tugatgan yetim bolalarning 141 nafari oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirdi. Shundan 94 nafari (67%) 2020 yil bitiruvchilaridir)

Mehribonlik uylari bitiruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yana-da takomillashtirilib, 18 yoshga to‘lgan uy-joyga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratiladi.

Buning uchun, 757 nafar bolaga uy-joy sotib olishga joriy yilda byudjetdan 120 milliard so‘m yo‘naltiriladi (2011-2020 yillarda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchasini tugatgan va uy-joyga muhtoj 1188 nafar bitiruvchidan 610 nafariga uy-joy berilgan. 2021 yilgi bitiruvchilarning uy-joyga muhtoj 139 nafarini hisobga olganda, jami 710 nafar Mehribonlik uylari bitiruvchilari turar joyga muhtoj).
          2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 760 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi, shundan 16-30 yoshgacha bo‘lganlari 100250 nafarni tashkil qiladi.

Bugungi kunda jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar taʼlimini tashkil etish uchun 86 ta taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda 21.363 nafar o‘quvchilar taʼlim oladi.

Bundan tashqari 13868 nafar nogiron bolalar uyda yakka tartibda taʼlim oladi.

Endi esa bu yo‘nalishdagi Yevropa davlatlari tajribasiga nazar tashlansa.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida oila masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi. Shu sabab u yerda mehribonlik uylarini uchratish qiyin. Mamlakatda ota-onalari qarovisiz, yetim qolgan bolalarni tarbiyalash masalasi bilan shug‘ullanadigan maxsus idora mavjud. Bolalarga yordam va oila xizmatlari Departamenti (Department of children and family services – DCFS) oilasidan ajralgan bolalarga qisqa muddatda tarbiyalovchi – “foster oila” topib beradi. (Maʼlumot uchun: bugungi kunda qariyb 428 ming nafar amerikalik bolalar “foster” oilalarda istiqomat qilmoqda. Ularning orasida bir necha oylik go‘dakdan tortib 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar bor)

Foster oilalarda o‘rtacha tarbiyalanish vaqti 1 yildan oshiqroqni tashkil etib, bu vaqtga qadar bolalarni asrab olganlar ota-onalik huquqini  sud qaroriga qadar qo‘lga kiritishmaydi. Oilada qolish qarorini bolalar qabul qiladi, shuningdek asrab olgan ota-ona ham bolaning oilada qolishi bo‘yicha o‘z fikrini bildirish huquqiga ega.

Aksariyat hollarda bolalar foster oilalaridagi tarbiyalovchilarini keyinchalik ota-onalari sifatida qabul qilishadi. Hukumat “foster” oilalar uchun barcha sharoitni (uy-joy va moddiy mablag‘ni) yaratib beradi.

Maʼlumot uchun: Har yili amerikaliklar 135 mingga yaqin bolani asrab olishadi. Ulardan 26% boshqa davlatlardan, 59% “foster oilalar” hamda 15% tug‘ilganidayoq onasi voz kechgan bolalardan (bolalarga yordam va oila xizmatlari Departamenti homiladorlik davridayoq bolasidan voz kechuvchi ayollar ro‘yxatini yuritadi).

Germaniyada 1991 yilda qabul qilingan “Bolalarga va yoshlarga yordam to‘g‘risida”gi Qonunda “Har bir bola va o‘smir o‘z hyoti uchun masʼuliyatga va jamiyatga moslashishi uchun ko‘makka ega bo‘lish hamda shaxsiyatini tarbiyalash huquqiga ega” ekanligi qayd etilgan. Germaniyada yetim qolgan bolalarga nafaqat davlat tashkiloti balki nodavlat tashkilotlar ham eʼtibor qaratadi.

Germaniyadagi yetim qolgan bolalarni tarbiyalovchi nodavlat tashkilotlarning faoliyat yuritishi bu borada yangi mexanizm hisoblanadi. Misol uchun, “Yoshlar bunyodkorlik tashkiloti” federal ishchi uyushmasi ana shunday tashkilotlar sirasiga kiradi. Bu kabi NNTlar hukumatning doimiy nazoratida turadi. NNTlarni ochishga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri – uning asoschisi bo‘lgan shaxs pedagogik stajga ega bo‘lishi lozim.

Bolalarni tarbiya maskanlariga joylashtirish faqatgina oilada qolishning hech qanday imkoniyatlari bo‘lmasagina amalga oshadi. Yetim qolgan bolalarni tarbiyalashning nemischa usullaridan yana biri bolalar shaharchalari tizimidir (O‘zbekistonda shu kabi tizim SOS bolalar mahallasi shaklida yo‘lga qo‘yilgan).

Buyuk Britaniyada yetim qolgan bolalar uyiga vaqtinchalik (respite care) hamda doimiy (residential care) asosda joylashtiriladi. Bu oilada bolaning sog‘lom turmush kechirishi uchun imkoniyatlar qolmaganda yoki oiladagi nizolar bartaraf etilgunga qadar qo‘llaniladi. Bu qachonki ota-onalar bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishga ojiz ekanliklari yoki bolaning hayoti uchun xavf yuzaga kelgan taqdirda mahalliy boshqaruv organlari masalaga aralashadi.

Bolani tarbiyalash istagidagi boshqa qarindoshlari topilmasa muqobil, ko‘ngilli oilalar qidirish boshlanadi. Sud bolaga uni asrab oluvchi oila zarurligi haqida qaror qabul qilsa, yangi oila izlashga kirishiladi. Ungacha bolalar maxsus bolalar uylarida qolishadi. Baʼzan ko‘ngilli oilalar tezda topiladi, baʼzan bolalar bu kabi muassasalarda ikki yilgacha qolib ketishadi. Agar ijtimoiy xizmatlar bolaning o‘z uyidagi ahvol ijobiy tomonga o‘zgarganini qayd etishsa, ular o‘z oilalariga qaytariladi.

Kanadada qariyalar uylarini mehribonlik uylari bilan birlashtirish tajribasi mavjud. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, qariyalar uylari va mehribonlik uylarini birlashtirish tajribasi, katta va yosh avlodlarda yolg‘izlik tuyg‘usini yo‘qolishiga, bolaning hayoti, jamiyatga ijtimoiy moslashuviga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi, ularning hayotidagi masʼuliyat va ahamiyat xissi oshadi.

Shifokorlarning taʼkidlashicha, ushbu choralar natijasida keksalarda barcha hayotiy funksiyalar yaxshilangani qayd etilmoqda.

Umuman olganda qaysi davlatda, qaysi mintaqada bo‘lmasin ota-onalarni o‘z farzandidan voz kechishdek qarorga kelishiga nima majbur qilmoqda? Bunday afsuslanarli qarorga kelishga hayotning og‘ir shartlari, oiladagi ayanchli ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, mehnat migratsiyasi sabab bo‘lishi mumkin. Aksariyat holatlarda ota-onalar o‘z farzandlari uchun munosib shart-sharoit yaratib bera olmasalar, bolalar uylarida ularga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qilinadi, degan maqsadda o‘z farzandlarini istamagan holda internetlarga topshiradilar.

Tahlillarga ko‘ra, bugun bu kabi muassasalarda respublika miqyosida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1870 nafar yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiyalanmoqda.

Shundan 338 nafari (18%) chin yetim bolalar, 499 nafari (27%) ijtimoiy yetim bolalar, 684 nafari (36%) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlarning farzandlari, 184 nafari (10%) kam taʼminlangan oila farzandlari, 69 nafari (4%) nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandlari, 96 nafari (5%) ozodlikdan mahrum qilinganlar farzandlaridir.

Yuqoridagi raqamlarga qarab turib beihtiyor insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgan Shomahmudovlar oilasini esga olmaslikning iloji yo‘q. Davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik oilaning o‘rnini bosa oladimi? Millatimizga xos bo‘lgan urf-odat, anʼana va qadriyatlar to‘g‘risidagi tushunchalarnichi?

Bilasizmi bugun afsus bilan tilga olishimiz kerak bo‘lgan bir achchiq haqiqat bor, aksariyat kam taʼminlangan oila ota-onalari o‘z farzandlarini tirik yetim qilib, davlatimiz tomonidan yetim bolalarga beriladigan imtiyoz va moddiy afzalliklarga ega bo‘lish ilinjida o‘z farzandlarini muassasalarga joylashtirishmoqda, buni qandlay tushunish mumkin?

Shunday ekan oldimizda turgan eng asosiy vazifa — yetimlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, himoyaga muhtoj oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda inklyuziv (uyg‘unlashgan) rivojlanishga ko‘maklashuvchi mexanizmlarni amalda joriy qilishdir.

O‘zbekistonda mehribonlik uylarini bosqichma bosqich noinstitutsionallashtirish,muassasalarning faoliyatiga barham berib, ularni oilalar va bolalar shaharchalari ko‘rinishida qayta tashkil qilish;

Mehribonlik uylarini xorij tajribasi asosida “hostel” hamda kichik oila va bolalar uylariga aylantirish tizimini yo‘lga qo‘yish lozim;

Mehribonlik uyi va bolalar shaharchalari bitiruvchilarining isteʼdodini kashf etish, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har chorakda bir marotabadan doimiy ravishda tadbirkorlikka o‘rgatish va kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini taʼminlashga qaratilgan “Iqtidor” oromgohini o‘tkazib borish;

Muassasa tarbiyalanuvchilarini liderlik hamda ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun mehribonlik uylarida “Volontyorlik maktablarini” tashkil qilish;

Kam taʼminlangan oilalar farzandlarini mehribonlik uylari va bolalar shaharchalariga joylashtirishda tuman (shahar) hokimlari qaror chiqarishdan avval xalq deputatlari mahalliy kengashining xulosasini olish.