Biz hozir regionalizm davrida yashayapmizmi yoki globallashuv davridami?

Sent-Endryus universitetining katta o‘qituvchisi, doktor Filippo Kosta Buranelli Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqada barqarorlik va tinchlikni saqlab qolish uchun ishlarni yaqindan muvofiqlashtirish va hamkorlikni tushunayotgan yangi mintaqaviy tartib vujudga kelayotgani haqida.

Siz regionalizm sohasida mutaxassissiz. Ayni choqda zamonaviy regionalizm tadqiqotlari qay ahvolda ekani xususida so‘zlab bersangiz. Biz hozir regionalizm davrida yashayapmizmi yoki globallashuv davridami?

Men regionalizm bo‘yicha zamonaviy tadqiqotlar tez-tez nodavlat aktorlari, mahalliy meʼyorlar va norasmiy amaliyotlarni hisobga olyapti, deb aytmoqchiman.

2000 yillarning boshida bu sohada tadqiqot olib borayotgan olimlar o‘z risolalarida xalqaro munosabatlarda davlatlardan kattaroq nimadir borligini, nodavlat aktorlari, biznes doiralari, fuqarolik jamiyatlari, iqtisodiy aktorlar, global meʼyorlar va transmilliy aloqalarning mahalliy talqinlari ham mintaqalarni tuzish va ular faoliyat ko‘rsatishida mahalliy va keskin tarzda asosiy rol o‘ynashini anglab yetadigan bo‘ldi. Nazarimda, regionalizm bo‘yicha yaratilgan zamonaviy ilmiy ishlar nodavlat aktorlari rolini, shuning qatorida mintaqani barpo etishda norasmiylik va “mahalliylik” o‘ynayotgan rolni tobora ko‘proq eʼtirof eta bormoqda.

So‘nggi yetmish yil davomida juda yaxshi integratsiyaga erishgan Yevropa Ittifoqining Yevropadagi tajribasini hisobga olib, mintaqalar yashab qolishi uchun o‘z rasmiy mintaqaviy tashkilotiga ega bo‘lishi “zarur”. Ana shunday tafakkur qilish yo‘siniga ko‘ra va YEIni namuna sifatida olib, biz Lotin Amerikasidagi MERKOSUR, Janubi-sharqiy Osiyodagi ASEAN (Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi), Afrikadagi Afrika Ittifoqi, Arab Davlatlari Ligasini o‘rganamiz. Muammo shundaki, mintaqaning norasmiy xarakterga ega, miqyosiga ko‘ra integratsion bo‘lmagan ko‘plab muhim siyosiy va diplomatik munosabatlari bor, ular mavjud bo‘lishi uchun byurokratiya va binolar bo‘lishi shart emas. Markaziy Osiyoda aynan shu narsa – norasmiy regionalizm va tartib g‘oyalari amalga oshmoqda va men tadqiqotlarimda shularni o‘rganyapman.

Biz xuddi shu narsalarga Yevropa va dunyoning boshqa hududlarida duch kelgan edik. Ushbu g‘oyalar mintaqada hamma  tushunadigan muayyan meʼyorlar, qoidalar va prinsiplar borligidan dalolat beradi – ular norasmiy mexanizmlar, norasmiy uchrashuvlar, prezidentlar, shuningdek, boshqa aktorlar: chegara agentlari, oqsoqollar, oilalar va transchegaraviy hamjamiyatlar o‘rtasidagi norasmiy [muloqot] dinamika(si) orqali amalga oshiriladi.

Biz regionallashgan dunyoda yashayapmizmi yoki globallashgan dunyodami, degan savolga kelsak, men ushbu ikki atamani bir-birini inkor qiluvchi so‘zlar deb qaramayman. Nazarimda, globalizm bilan regionalizm yonma-yon yuradi.

Lekin men regionalizmni globalizm mahsuli deb qarashga moyilman.

Munosabatlarning global darajasi bo‘lmay turib, mintaqalar bo‘lishi dargumon. Nazarimda, pandemiya va u sabab yuzaga kelgan inqiroz hammamiz hozir ham globallashgan dunyoda yashayotganimizni ko‘rsatib berdi, lekin ayni choqda davlatlar va jamiyatlar globallashuvning keskin oqibatlarini yumshatish uchun mintaqalar darajasida harakat qilmoqda. Haddan ziyod globallashuv xavfi mavjud, shu maʼnoda mintaqalar agency – vakolat va taʼsir, shuningdek, qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlar va muloqotni yaxshilash uchun siyosat, diplomatiya, iqtisodiyot sohalaridagi jarayonlar uchun masʼul bo‘lgan muhim maydonchalar hisoblanadi. Xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, biz ham globalizm, ham regionalizm deb tavsiflanadigan dunyoda yashayapmiz. Lekin agar mendan, ayni paytda ulardan qaysi biri ustunlik qilmoqda, deb so‘rasangiz, biz mintaqaviy munosabatlarga ko‘proq eʼtibor qaratilayotganini kuzatyapmiz, deb aytgan bo‘lar edim.