Alisher Usmonov Andijondagi ehtiyojmand oilalarga 2,5 milliard so‘m ajratdi

Milliarder Alisher Usmonov Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 1000 ta ehtiyojmand oilaga 2,5 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ajratdi. Bu pullar har bir oilaga 2,5 million so‘mdan taqsimlab berildi.

Asli o‘zbekistonlik tadbirkor Alisher Usmonov Andijon viloyati Marhamat tumanidagi ehtiyojmand oilalarga 2,5 milliard so‘m miqdoridagi moddiy yordam ajratdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” nashri ma’lum qildi.

Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi o‘tkazilgan o‘rganish davomida jami 48 ta mahalladan 1000 ta oila ehtiyojmand, deb topilgan. Ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida o‘zbekistonlik taniqli ishbilarmon Alisher Usmonovning 2,5 milliard so‘m miqdoridagi moddiy yordami ajratgan. Bu mablag‘lar har bir oilaga 2,5 million so‘mdan taqsimlab berilgan.

“Kundalik tashvishlar bilan ovora bo‘lib hatto oilamizning, ayniqsa, farzandlarimizning istiqboli haqida qayg‘urish ko‘nglimizga ham sig‘mayotgan bir paytda saxovatli insonlarning ko‘rsatgan muruvvati eng katta mukofot bo‘ldi. Bu mablag‘ nafaqat moddiy yordam, balki, ertangi kunimizga, hukumatimizga, mehri ummon zamondoshlarimizga bo‘lgan ishonch ifodasidir”, — dedi marhamatlik Abdurasul Inomov.