Afg‘oniston: ochlik tahdidi, afyun ishlab chiqarishga qaytish, qochqinlar va TAPIning nomaʼlum istiqbollari

Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilda Afg‘onistonda qariyb 39 million kishi istiqomat qiladi, ulardan 24 millioni bu qishda ocharchilik xavfi ostida.

Tolibon Afg‘onistonda narkotiklarga qarshi kurashadi, degan kafolatlariga qaramay, mamlakat eng yirik afyun ishlab chiqaruvchisi bo‘lib qolmoqda.

Afg‘on fermerlari sabzavot va mevalar o‘rniga giyohvand moddalar ishlab chiqarish uchun xomashyo bo‘lmish ko‘knori yetishtirishga qaytishdi.

Bloomberg Quicktake nashriga afg‘on fermerlaridan biri aytganidek, hozir sabzavot yetishtirish foydasiz, chunki chegaralar yopiq va mahsulotni tashqi bozorga eksport qilishning imkoni yo‘q.

“Mahalliy bozorda bir kilogramm kartoshka atigi 50 afg‘oniga (0,55 dollar) sotilmoqda. Bu pulga 10 ming rupiy (110 dollar) turadigan o‘g‘itlarni sotib ololmaymiz. Ko‘knori uchun esa xaridorlar o‘zlari oldimga kelishadi, bozorga borishim shart emas”, — dedi fermer.

Tolibonning jamoatchilikka axborot etkazishga masʼul vakili Zabiulla Mujohidning taʼkidlashicha, yangi hukumat narkotik ishlab chiqaruvchilarga qarshi kurashmoqda, biroq Afg‘oniston xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj. Uning fikricha, fermerlarga pul topish uchun muqobil imkoniyat berish kerak.

Ayni paytda Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish va kam sonli daromad manbalaridan biri bo‘lgan afyun yetishtirish davom etsa, unga xalqaro yordam to‘xtashi mumkin.

BMT maʼlumotlariga ko‘ra, 2019 yilda 120 ming kishi afyun ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar uchun yana bir katta muammo qochqinlardir.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘onistonda qolayotgan 3,5 millionga yaqin odam o‘z uy-joyini tashlab ketgan. Yuz minglab odamlar qo‘shni davlatlarga qochishga harakat qilmoqda.

Pokiston 3 millionga yaqin, Eron 3,5 millionga yaqin, Tojikiston 100 mingga yaqin afg‘on qochqinlarini qabul qildi, Turkmaniston va O‘zbekiston evakuatsiya parvozlari uchun faqat havo hududini berishga kelishib oldi.

O‘z navbatida, og‘ir iqtisodiy vaziyatda qolgan Tolibon hukumati TAPI gaz quvuri qurilishini tezlashtirishga faol harakat qilmoqda, buning natijasida Afg‘oniston o‘z hududi orqali gaz tranzitidan foyda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Natural Gas World taʼkidlaganidek, 2021 yil oktyabr oyida Tolibon bilan so‘nggi uchrashuvda Turkmaniston tashqi ishlar vaziri R.Meredov Afg‘oniston tomoni TAPIda yiliga 500 million dollar daromad olishi mumkinligini aytgan. 2017 yilda Meredov Afg‘onistonga ikki baravar ko‘p – har yili 1 milliard dollar vaʼda qilgan edi.

Biroq, AQSHning Turkmanistondagi sobiq elchisi Stiv Mann TAPI loyihasi amalga oshishiga shubha qilmoqda.

“Tolibonning kelishi Afg‘oniston ichida xavfsizlikni taʼminlashga yordam bergan taqdirda ham, ular loyihaning jiddiy muammolarini, jumladan, moliyalashtirish, banklar uchun maqbullik, quvurga egalik qilish va uni ishlatish bilan bog‘liq qiyinchiliklarni hal qila olmaydi”, dedi Mann.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Pokiston xarid narxlarini qayta ko‘rib chiqishni bir necha bor talab qilgan. 2020 yilda Turkmaniston imtiyozlar berib, gaz narxini pasaytirishga kelishib oldi.

Yana bir muammo shundaki, Pokiston bilan yomon munosabatlar tufayli Hindiston loyihadan butunlay chiqib ketishi mumkin.