Trollar ssenariy asosida ish yuritadi

Mazkur bayonot Jinoyat va tadqiqot xavfsizligi instituti (CRSI)ning Rossiya misolida tayyorlagan hisoboti bo‘lib, quyida olib borilgan tadqiqot natijalaridan parchalar keltirilgan:

Rusiyzabon auditoriyani nishonga olgan bu kabi «o‘quvchilar fikr-mulohazalariga asoslangan maqolalar» ayrim fikrlarni ajratib olish orqali G‘arbda o‘zgacha fikr mavjudligini ko‘rsatishga urinadi.

Tanlab olingan alohida fikrlar Rossiya va Putinni keng miqyosda qo‘llab-quvvatlash mavjudligini yoki G‘arb mamlakatlarida ham o‘z hukumatlaridan norozilik borligini yolg‘ondan talqin qiladi.

CRSI hisobotida ushbu trollik faoliyati organik emas, balki ssenariyga ko‘ra bo‘layotgani taxmin qilingan.

«Keyingi tergovlar bir qator mamlakatlardagi G‘arb OAVlari bo‘ylab keng miqyosda ro‘y berayotgan takrorlanuvchi shablonlarni aniqlagan», deyiladi unda.

Qo‘llanilgan metodologiya quyidagi tarzda olib boriladi:

«Nashrda Rossiya davlatining geosiyosati va pozitsiyasiga zid keluvchi sensatsion maqola chop etilganida, u go‘yoki nashr “o‘quvchilaridan” bo‘lgan fikr-mulohazalarni jalb etadi», deyiladi hisobotda.

Bu “o‘quvchilar” maqolaning asosini qoralashadi, unga hujum qilishadi, G‘arb tashkilotlarini qoralashga, Putin va Rossiya davlat idoralarini oqlashga harakat qilishadi.

Shundan so‘ng rossiyalik ijrochilar bu fikr-mulohazalarni to‘playdilar va Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari rus tilidagi maqolalari uchun ulardan asos sifatida foydalanishadi.

Bu maqolalar jamoatchilik fikri G‘arb hukumatini doim ham qo‘llab-quvvatlamasligini yoki jamoat fikri yakdil emasligini ko‘rsatish uchun xizmat qiladi.