Nazarboyev va uning oilasi uchun imtiyozlar: IMMUNITET, UMRBOD HIMOYA va SUG‘URTA

Bir necha soat oldin 20 kunlik sukunatdan so‘ng Qozog‘iston halqiga videomurojaat qilgan Nursulton Nazarboyev qanday himoyalangan?

“Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Millat yetakchisi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun va boshqa qonunlar Nursulton Nazarboyev va uning oilasiga nimani kafolatlaydi?

Immunitet: Elboshi javobgarlikka tortilishi mumkin emas

“Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti to‘g‘risida”gi qonunda aytilishicha, Elboshi (xalq yetakchisi) daxlsizlik huquqiga ega va u Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan vaqtida sodir etgan ishlari uchun javobgarlikka tortilmaydi.

Birinchi prezident davlat rahbari lavozimini tark etgandan so‘ng, u Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi maqomini amalga oshirish bilan bog‘liq xatti-harakatlari uchun ham javobgarlikka tortilishi mumkin emas. U hibsga olinishi, tintuv qilinishi, so‘roq qilinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

Bundan tashqari, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshiga va u bilan birga yashaydigan oila aʼzolarining xususiy mulki huquqidagi barcha mulk daxlsizdir.

Mulk tarkibiga turar-joy va xizmat binolari, xizmat avtomashinalari, aloqa vositalari, yozishmalar va ularga tegishli hujjatlar kiradi. Daxlsizlik Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti – Elboshining jamg‘armasiga va u tomonidan taʼsis etilgan boshqa yuridik shaxslarga tegishli mulkka ham tegishli hisoblanadi.

Elboshining va u bilan birga yashaydigan oila aʼzolarining xususiy mulk huquqiga ega bo‘lgan mol-mulki, shuningdek, u tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxslarning mulkiga hech qanday cheklovlar qo‘yish mumkin emas.

Birinchi prezident va uning oilasiga ham bank siri va bank hisoblari daxlsizligi kafolatlangan.

Nazarboyev va uning oilasini umrbod himoya qilish

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti – Elboshini himoya qilish Qozog‘iston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining tegishli bo‘linmasiga yuklangan.

Birinchi prezident doimiy yoki vaqtinchalik yashash joylarida umrbod davlat muhofazasiga olinadi.

Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidentining o‘z vakolatlarini amalga oshirishni tugatgan, u yoki uning atrofidagilar bilan birga yashaydigan oila aʼzolari ham davlat muhofazasi bilan taʼminlanadi.

Elboshi Nazarboyevning hayoti va salomatligi sug‘urtalangan

O‘z vakolatlarini bajarishni to‘xtatgan Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti – Elboshi, yoshidan qatʼi nazar, Qozog‘iston Prezidentining oylik rasmiy maoshining 80 foizi miqdorida oylik pensiya olish huquqiga ega. Elboshining pensiyasi mamlakat prezidentining rasmiy maoshining o‘sishini hisobga olgan holda oshiriladi.

O‘z vakolatlarini amalga oshirishni to‘xtatgan birinchi prezidentning hayoti va sog‘lig‘i Qozog‘iston Prezidentining yillik rasmiy maoshi miqdorida respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan majburiy davlat sug‘urtasiga tortiladi.

U (Elboshi) bilan birga yashagan oilasining har bir aʼzosiga, u vafot etgan kuni Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligida belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning 10 baravari miqdorida umrbod nafaqa tayinlanadi.

Bundan tashqari, Elboshi va uning oila aʼzolari birinchi prezident davlat rahbari lavozimini to‘xtatganida ko‘rsatilgan hajm va turdagi bepul tibbiy yordam va sanatoriy-kurortda davolanish huquqiga ega.

Nazarboyevning harajatlarini kim to‘laydi?

Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, ushbu Konstitutsiyaviy qonunda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish, shu jumladan fondni to‘ldirish va saqlash va uning binolarini muhofaza qilish, Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidentining shaxsiy kutubxonasi va shaxsiy arxivini saqlash respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan Elboshi jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Nursulton Nazarboyev va u bilan birga yashovchi uning oila aʼzolari uchun uy-joy, tibbiy, sanatoriy, transport va boshqa xizmatlar vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.