O‘zbekiston fevralda oltin sotish bo‘yicha jahonda yetakchiga aylandi

O‘zbekiston Markaziy banki fevral oyida 22 tonna oltin sotdi. Buning natijasida mamlakat oltin zaxiralari 2020 yil oxiridan boshlab minimal darajaga tushdi, deb xabar bermoqda spot.uz.

Jahon oltin kengashining oylik hisobotida O‘zbekiston fevral oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallagani qayd etilgan.

Umuman olganda, jahon markaziy banklarining oltin zaxiralari bir oy davomida 6 tonnaga kamaydi. Biroq, ularning umumiy hajmi so‘nggi 31 yil ichida eng yuqori darajada qolmoqda.

O‘zbekiston zaxirasida qolayotgan 339 tonna oltin mamlakat valyuta zaxirasining 59 foizini tashkil qiladi, deydi tahlilchilar.

Oltin sotish bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi Qatar Markaziy banki 6 tonna oltin sotgan. Qozog‘iston Milliy banki 5 tonna qimmatbaho metal sotgan bo‘lib , Mo‘g‘uliston va Germaniya har biri o‘z zaxiralarini bir tonnaga kamaytirgan.

Bir qator davlatlar o‘z zaxiralaridagi oltin miqdorini oshirdilar. Turkiya bir oyda 25 tonna, Hindiston 2,6 tonna, Irlandiya 1 tonna qimmatbaho metal sotib oldi.

Baʼzi kuzatuvchilar zaxiralarni saqlab qolish uchun dollarga muqobil izlayotgan mamlakatlar uchun oltin jozibadorligini qayd etishadi. Biroq, iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, Amerika valyutasi yaqin o‘n yilliklarda zaxira maqomini yo‘qotish xavfi yo‘q.

Oltin va O‘zbekiston

2020 yilda mamlakatdan 5,8 milliard dollarlik yoki jami eksportning 40 foizi bo‘lgan qimmatbaho metallar eksport qilindi. O‘zbekiston bir muncha vaqt jahonda asosiy oltin yetkazib beruvchiga aylandi.

Biroq, 2021 yilda oltin savdosi 4,1 milliard dollarga tushib ketdi, u asosiy eksport mahsuloti maqomini yo‘qotdi. O‘tgan yili Markaziy bank metallni faqat eng yuqori narxlarda – may va iyun oyining boshlarida, shuningdek, oktyabr-noyabr oylarida sotgan.

2022 yil boshidan buyon qimmatbaho metallar savdosi yana faollashdi. Yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston eksportining yarmidan ko‘pi oltin hissasiga to‘g‘ri keldi.