O‘zbekistonda shakarning birja narxi 26,1 foizga arzonlashdi

O‘zbekistonda shakarning birja narxi barqarorlashmoqda.

Respublika tovar-xomashyo birjasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 10-14 iyun kunlari o‘tkazilgan ochiq auksion savdolari yakunlariga ko‘ra, barcha toifadagi shakarning kunlik o‘rtacha narxi bir tonna mahsulot uchun 14554,5 ming so‘mdan 10754,9 ming so‘mga (26,1% ga)  pasaygan. O‘tgan davr mobaynida birjaga 6004 tonna shakar chiqarilgan bo‘lib, uning butun hajmi sotilgan. “Xorazm shakar” MCHJ birja savdolari orqali 3 ming tonna, “Angren shakar” MCHJ 3 ming 4 tonna shakar sotgan.

Hammasi bo‘lib 2022 yil 1 iyundan 10 iyungacha 19646,0 tonna shakar sotilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich kuniga o‘rtacha 2455,8 tonnani tashkil etadi. Xususan, oy boshida birjada 3000 tonna shakar sotilgan bo‘lsa, 10 iyun kuni 2002 tonna shakar yoki 33,3 foizga (998 tonna) kam sotilgan.

Joriy yilning iyun oyining birinchi o‘n kunligida tovar-xomashyo birjasida sotilgan shakarning minimal narxi bir tonna uchun 11984,7 ming so‘mni, maksimal narxi 14554,5 ming so‘mni, o‘rtacha narxi esa 13108,4 ming so‘mni tashkil qilgan.

Birja auksionlarida taklif qilingan shakarning eng kichik hajmi 7-8 iyun kunlariga to‘g‘ri keldi (2000 tonna). Eng katta hajm (3 072 tonna) 3 iyun kuni sotilgan. Bu davrda kuniga o‘rtacha 2 ming 456 tonna shakar sotilgan.