O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish hajmi joriy yilning yanvar-may oylarida o‘tgan yil shu davriga nisbatan 35 ming tonna yoki 16 foizga ko‘proqni (224 ming tonnadan 259 ming tonnagacha oshgan), yaʼni taklif hajmi oshganligiga qaramay (birja orqali sotilgan hajm 177 ming tonnadan 186 ming tonnagacha ko‘paygan) shakar narxi, asosan, tashqi omillar taʼsirida o‘sishi kuzatilgan.
❗️ O‘zbekistonda shakar tanqisligi mavjud emas va ichki bozorni yil yakuniga qadar shakar bilan to‘yintirish bo‘yicha barcha zaxiralar yaratilgan.
Jumladan, shakarga bo‘lgan talabning mavsumiy oshishi sharoitida (meva-sabzavotlarni konservatsiya qilish mavsumi) narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida birja savdolariga chiqariladigan shakar hajmi joriy yil iyun oyidan boshlab 50 foizgacha oshiriladi. Birjadagi savdolarga qo‘yilayotgan shakar hajmi amaldagi 2 000 tonnadan 3 000 tonnagacha oshiriladi.
Shakar tanqisligi bo‘lmaydi, lekin narx oshishini to‘xtatish ancha qiyin bo‘ladi
Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi shakar narxi o‘sishi sabablariga to‘xtalib, asosiy omillar sifatida logistikadagi murakkabliklar va yoqilg‘i narxlarining o‘sishini ko‘rsatgan. Shuningdek, asosiy ishlab chiqaruvchi mamlakatlarning eksport bilan bog‘liq cheklovlari ham o‘zining salbiy o‘rniga ega bo‘lmoqda.
Vazirlik shakar ishlab chiqarish ham, shakar taklifi ham doimiy oshirilib borishiga ishontirmoqda.
Lekin nazarimda shakar ishlab chiqarish va bozorga taklifning ko‘payishi narxlar o‘sishini birdan to‘xtatib qololmaydi. Bunga birinchi sabab, qo‘shni, asosiy savdo hamkorlaridan ko‘chib kelayotgan inflyatsiya bo‘lsa, ikkinchi sabab yuqori inflyatsion kutilmalar. Aynan yuqori inflyatsiyaon kutilmalar aholida ham, biznesda ham isteʼmoldan ortiq shakar jamg‘arishga undayveradi. Sodda tilda aytganda, normal vaziyatda oyiga 5 kilo shakar ishlatadigan uy xo‘jaligi, narxlar oshib borayotgan sharoitda har ehtimolga qarshi yana qo‘shimcha 5 kilo shakar sotib olishga harakat qiladi. Buning ustiga O‘zbekistonda jamg‘arilgan shakar baribir ishlatiladigan murabbo mavsumi – iyun-avgust oylariga yetib kelindi.
Shuning uchun, xulosa qilish mumkinki, shakar hammaga yetadi, defitsit bo‘lmaydi, lekin narx oshishini to‘xtatish juda qiyin. Maʼmuriy yo‘l bilan bunga urinib ko‘rilsa, teskari natija, yaʼni sunʼiy defitsitlar ham paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hozir, ayni kunlarda narx bilan bog‘liq cheklovlarga, ular qanchalik jozibalik bo‘lmasin, qo‘l urish kerak emas.