Qishda nima qilamiz??? Oligarxlar qo‘liga topshirilgan energetika qisqarishi davom etmoqda.

Gaz qazib olish va elektr generatsiyasi qisqarishi mart oyida yana-da tezlashgan. Ko‘mir ham yordam bermaydiganga o‘xshaydi.

Mart oyida 4,1 mlrd.kub gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning martiga nisbatan 12,2%ga kam. Gaz qazib olishning qisqarishi joriy yilda uchinchi oy ketma ket davom etmoqda. Yanvarda qisqarish 7,5%ni, fevralda 9,0%ni tashkil etgan. Agar favqulodda moʻjiza ro‘y bermaydigan bo‘lsa, 2023 yilda o‘ta og‘ir o‘tgan 2022 yilga nisbatan 5-7 mlrd.kub kamroq gaz qazib olinadi va umumiy gaz qazib olish hajmi O‘zbekiston tarixidagi minimum 45 mlrd.kub va balki undan ham kamroq hajmgacha tushishi mumkin.

Gazga chambarchas bog‘langan elektr energiyasi ishlab chiqarish mart oyida 5,9 mlrd.kVt.soatni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 10,6%ga kam. Xuddi gaz qazib olishdagi kabi elektr generatsiyasining qisqarishi ham tobora tezlashmoqda. Solishtirish uchun qisqarish yanvarda 2,0%ni, fevralda 2,3:ni tashkil etgan edi. Agar piar qilinayotgan yangi quvvatlar yordam bermasa, elektr ishlab chiqarish 2023 yilda 5-6 mlrd.kVt.soatga, 65 mlrd.kVt.soatgacha qisqarishi mumkin bo‘ladi.

Esingizda bo‘lsa, energetik krizis oqibatlarini yengish uchun ko‘mirga qaytish rejalari eʼlon qilingandi. Buning uchun qo‘shimcha jami 5 mln.tonnadan ko‘proq ko‘mir kerak bo‘ladi. Lekin o‘tgan 3 oyda oligarxiya qo‘liga ishonchli boshqaruvga topshirilgan ko‘mir qazib olish 14%ga qisqarib ketgan. Buyog‘i endi qanday bo‘ladi? Qazib olishga qo‘shib ko‘mir import qilishniyam o‘shalarga to‘liq topshiramizmi?