2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Milliardlab dollarga gaz-kimyo majmualari qurilayotgan bir vaqtda gaz qazib olishning qisqarishi to‘xtagani yo‘q. Shonli energetiklar sog‘lom aql qabul qilmaydigan shu fenomenal holatga ham qandaydir tushuntirish bersalar bo‘lardi. Muborak, Sho‘rtan va GTL majmualariga gaz yetmayotgan bir vaqtda, MTO, Sho‘rtan 2 va Xorazmdagi loyihalar uchun gaz qayerdan topib beriladi? Yo bu proyektlarning mazmun maqsadi karrasiga qimmatlashtirilgan pudratdan pul o‘zlashtirib chiqarish xolosmi?
Xullas, burg‘ulashga sarflanayotgan trillionlar va shimoldagi og‘alarning raqamlashtirish niqobida konlarning boshqaruviga kiritilganiga qaramay, gaz qazib olish yangi minimumlargacha tushmoqda. Aprel oyida 3 703,1 mln.kub gaz qazib olingan xolos, bu o‘tgan yil aprelidan 240 mln.kub kam. 2024 yilning o‘tgan oylaridagi yangi minimum. Hozirdan prognoz qilish mumkinki, 2024 yilda qazib olinayotgan gaz hajmi 2023 yildagidan yana 3 mlrd.kubga kam bo‘ladi.
Yoqilg‘i energetikasining tanazzuli faqat gaz bilan cheklanib qolayotgani yo‘q.
Neft qazib olish 62,2 ming tonnagacha tushgan (-0,2 ming tonna).
Benzin ishlab chiqarish 103,4 ming tonnagacha pasaygan (-15,9 ming tonna).
Dizel ishlab chiqarish 150,8 ming tonnagacha kamaygan (-21,6 ming tonna).
Trillionlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri va kross subsidiya yo‘naltirilayotgan a vaʼda qilinayotgan ko‘mir qazib olish ham tubga og‘ishmoqda. Aprelda 357.7 ming tonna ko‘mir qazib olingan (-124,7 ming tonna).
Energetikadagi kam sonli ijobiy tendensiya elektr energiyasi generatsiyasi bilan bog‘liq. O‘tgan oyda 7 869.4 mln.kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan (+1 704,4 mln.kVt.soat).
