Erdo‘g‘on bo‘lajak raqibini ozodlikdan mahrum qildimi?

Turkiya sudi amaldagi prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning bo‘lajak prezidentlik saylovlarida xavfli raqibiga aylanishi mumkin bo‘lgan Istanbul hokimi Ikrom Imomo‘g‘lini hukumat amaldorini haqorat qilganlikda ayblab, ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Sud Imomo‘g‘lu o‘z chiqishlaridan birida 2019 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Istanbul hokimligiga saylov natijalarini bekor qilgan amaldorlarni “ahmoq” deb ataganini jinoyat deb hisobladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda o‘tkazilgan saylovlarda Imomo‘g‘li prezident partiyasi hisoblangan Adolat va taraqqiyot partiyasidan nomzodni mag‘lub etgan. Birinchi saylovda Imomo‘g‘li minimal ustunlik bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkinchisida 9 foizdan ortiq farq bilan ustun kelgan. Birinchi saylovda mag‘lub bo‘lgan hukmron partiya ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish vaqtida yo‘l qo‘yilganini vaj qilib, qonunbuzarliklar yuzasidan bir necha marta ariza berganidan so‘ng birinchi natija bekor qilingan. Natijada, saylov komissiyasi takroriy saylov o‘tkazishga buyruq bergan. Takroriy saylovlarda esa Imomo‘g‘li raqibi ustidan katta farq bilan g‘alaba qozonib Turkiyaning eng yirik shahrida Adolat va Taraqqiyot partiyasining 25 yillik hukmronligiga barham bergan. Istambul hokimi lavozimi juda qudratli bo‘lib o‘z vaqtida Erdo‘g‘on ham katta siyosatga shu lavozim orqali kirib kelgan.

Siyosatchiga qarshi ochilgan ish hokimning 2019 yildagi saylovdagi birinchi g‘alabasidan keyin aytgan so‘zlariga asoslanadi. Imomo‘g‘li ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluning unga o‘xshash so‘z bilan murojatiga javoban rasmiylarni “ahmoq” deb ataganini aytib o‘zini himoya qildi.

Agar apellyatsiya sudi hukmni o‘z kuchida qoldirsa, bu Imomo‘g‘lining siyosiy faoliyati, jumladan, 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi imkoniyatini keskin kamaytiradi.

Sud hukmidan so‘ng tarqatgan video murojaatida Imomo‘g‘li sud qarorini keskin tanqid qilib, “bir hovuch odamlarning xalq bergan hokimiyatni o‘z zimmasiga olishga haqqi yo‘qligini” taʼkidladi.

Imomo‘g‘li hukm ustidan shikoyat qilishi va u muhokamalarga qadar qadar o‘z lavozimida qolishi kutilmoqda, biroq u prezidentlikka nomzodlik huquqidan mahrum etilishi mumkin.

Bu esa kelgusi prezidentlik saylovlarida muxolifat nomzodini tanlashni qiyinlashtiradi, chunki so‘rovlarga ko‘ra, Istanbul hokimi 2014 yildan beri o‘z lavozimini egallab kelayotgan Turkiyaning amaldagi prezidentini mag‘lub eta oladigan kam sonli muxolifat yetakchilaridan biri hisoblanadi.