O‘zbek Monopolistlari, Oligarxlari, Deputat va Lobbistlari haqida (3-qism)
Iqtisodchi Otabek Bakirov:
Ko‘pchilik amaldagi Isteʼmol krediti to‘g‘risidagi qonun faqat importga to‘siq qo‘yishga qaratilgan deb o‘ylaydi. Yo‘q, faqat bu emas.
Mazkur yaramas qonun normalari monopolist va o‘g‘ri oligarxlarni nafaqat importdan, balki fuqarolarning fuqarolardan mulkchiligidagi tovarlarni kredit hisobiga sotib olishini ham cheklaydi. Tushuntiraman.
Masalan, sizning 30 mln.so‘m pulingiz bor. Yangi Lasettining oldindan 50%ini to‘lashga ham yetmaydi va salondan chiqishini bir yildan ko‘proq kutishniyam istamaysiz. Nima qilasiz? Tanishingizdan yo bozordan kelishib 120 mln. so‘mga minilgan Lasetti olasiz. Siz o‘ylaysiz, banklar sizga qolgan 90 mln. so‘m kreditni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bera oladimi? Yo‘q. Yo‘q. Va yana yo‘q. Chunki Qonun bilan (15-modda) bu taqiqlangan.
Tanishingiz yoki bozordagi sotuvchi avval o‘z lasettisini realizatsiya qiluvchi yuridik shaxs – o‘rtamchi komissionerga sotishi kerak. o‘rtamchi komissionerning xizmati esa kamida 7-10 foiz bo‘ladi. Keyin siz bank krediti hisobiga komissionerdan minilgan lasettini sotib olasiz. Albatta komissionerning xizmat haqi mashina narxi ustiga minadi. Yakunda minilgan avtomobil kredit ajratilgan vaqtda sizga kelishilgan, 120 mln. so‘mga emas, 130-132 mln.so‘mga aylanadi. Tabiiyki, foizlarniyam 130-132 mln. so‘m uchun to‘laysiz.
Bo‘lib to‘lash (rassrochka) yoki lizing shartlaridagi vaziyat esa yanayam og‘ir. Yillik 12%, yillik 14% deyilgani bilan, bu foizlar qoldiqqa emas, avtomobilning butun qiymatiga, butun davr bo‘yicha hisoblanadi. Amalda bunday sxemalar bo‘yicha real stavkalar yillik hisobda 60%dan oshib ketadi.
Bu ishlarning hammasi ikkilamchi bozordagi minilgan avtomobillar doim qimmat bo‘lishi, demakki, vaqti vaqti bilan defitsit yaratib turiladigan monopolist mahsulotlariga talab tinimsiz yuqorilab borishi uchun qilingan. Aynan shuning uchun ham taqiqlarni bekor qilishga oid o‘zgartirishlarni 4 yildan buyon qabul qilmay. paysalga solish davom etmoqda. Hatto bu haqida Prezident farmoni bo‘lsa ham.