Har galgidek narx oshirishdan avval byudjet paraziti UzAuto Motors “aldagani o‘zbekistonliklar yaxshi” qabilida yolg‘on piar kampaniyasini boshlaydi. Bu safar ham istisno bo‘lgani yo‘q.
To‘qilgan solishtirishga ko‘ra, Chevrolet Cobalt Elegant AT modelining O‘zbekistondagi (128 645 000 so‘m) va Qozog‘istondagi ( 6 990 000 tenge) narxlari qiyoslanib, O‘zbekistonda arzon degan xulosa yasalgan. Biz bu yolg‘onni fosh etishga urinib ko‘ramiz.
Birinchidan, Qozog‘istonda Chevrolet-auto.kz rasmiy saytida ko‘rsatilgan narxlar bu maksimal narxlar. Yangi yildan boshlab aynan shu usul qo‘llanilmoqda, balki buni narx oshirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan UzAuto Motors iltimos qilganmi, bir narsa deyish qiyin. Nima bo‘lganda ham, aniq tiniq qilib, ko‘rsatilgan narxlar maksimal narxlar ekani va o‘zgartirilishi qayd etilgan. Qozog‘istondagi do‘stlar salonga borib, tanlangan avto rangi, to‘lov shakli va modifikatsiyasiga qarab narxlar savdolashib, 7%-10% gacha tushirilishi mumkinligini aytishmoqda. Har ehtimolga qarshi O‘zbekictondagi Cobalt amaldagi modifikatsiyasini (magnitofoniyu, detallarigacha) Qozog‘istondagi Cobalt modifikatsiyalariga yana bir bor solishtiring.
Ikkinchidan, Qozog‘istondagi narxlar bu jismonan bor, salonga pul to‘lab, minib chiqib ketilishi mumkin bo‘lgan avtolar uchun. O‘zbekistondagi Cobalt narxi esa kontraktatsiyasi yo‘q, bir amallab, administratsiya yo kabmindan tanish topib, kontraktatsiya qilganda ham, bir yil kutiladigan avtomobil narxi. Va eng asosiysi, qozoq xaridorida tanlov bor, istasa mexanika, istasa avtomat va tanlagan modifikatsiyadagi avtoni oladi. Va eng asosiysi, unda shevroledan tashqari tanlovlar ham bisyor.
Uchinchidan, Qozog‘istonga eksport qilingan avtolar bo‘yicha UzAuto Motors QQS summasini byudjetdan qaytarib oladi. 2022 yilda har bir eksport qilingan Cobalt‘dan 1700 dollargacha QQS qaytarib olingan.
To‘rtinchidan, Qozog‘istonga eksport qilingan avtolar bo‘yicha utilizatsiya yig‘imi O‘zbekiston byudjeti hisobidan qoplab beriladi (bu haqda qancha dod-voy soldik). 2022 yilda Cobalt toifasidagi avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imi 1 072 050 tengeni tashkil etgan. Hozirgi kurs bo‘yicha bu kamida 2300 dollar.
Yaʼni, QQS va utilizatsiya yig‘imining o‘zidan byudjet paraziti kamida 4000 dollar chegirib oladi. Endi, shu yerda to‘xtab, keltirilgan narxlarni va tanlovni boshqatdan solishtiring. Kimda arzon?
Beshinchidan, bu maydaroq ko‘rinishi mumkin Lekin ayni shu kunlarda dollar kursi oxirgi oylardagi Qozog‘istonda eng arzonlagan, O‘zbekistonda esa eng qimmatlagan payt . Yaʼni, masalan, solishtirish, yanvarda emas, noyabr yoki dekabrda bo‘lganida yana kamida 300 dollargacha farqlik ko‘ringan bo‘lardi.
Shunday qilib, bilingki, UzAuto Motors o‘zbekistonliklarni yo fikrlashdan uzilgan noqis deb hisoblaydi yoki xuddi tanlovsiz mashinalari bilan bo‘lgani kabi nimani bersak, shuni, xo‘p deb o‘zlashtirishga majbur deb o‘ylaydi.
P.S. Ha, yana bir gap. Qozog‘istonda jon boshiga YAIM va daromadlar O‘zbekistondagidan kamida 5 karra yuqori.