Kecha yangragan ayrim tezislar, xususan, tarmoqqa davlat mablag‘lari yo‘naltirilmagani, tejalgani aynan shunga ishora qiladi. Va bu tezislar nafaqat biron tanqidga javob bermaydi, chalg‘ituvchi va ziyonli ham.
Birinchidan, o‘tgan 6 yilda iqtisodiy tarmoqlar ichida eng katta byudjet mablag‘lari ham, eng katta qarzlar ham aynan energetikaga yuborilgan. Shunchaki byudjet tarkibiga, tashqi qarz tarkibiga qarang. Lekin xuddi qora o‘pqondek benefitsiarlar foydasiga so‘rilib ketavergan. Kiprga, Maltaga. Britaniya Virjiniyasiga. Bugungi krizis aynan cheksiz chegarasiz, hisobsiz, samarasiz mablag‘lar yuborilgani hisobiga ro‘y bergan. Qaytanga yumshoqlik qilingan, mablag‘ bilan taʼminlashda davom etilgan degan savol qo‘yilsa, adolatli eʼtiroz bo‘lardi.
Ikkinchidan, agar gap tarmoq korxonalaridan olingan divividendlar haqida ketayotgan bo‘lsa, bu byudjet qoidasi va hamma davlat korxonalariga taalluqli. 2020 yildan beri amal qilgan qoidaga ko‘ra olingan dividendlar tarkibiga qaralsa, aynan energetika sohasi ulushda ham summada ham autsayder. Yaʼni, tarmoqning ayrim subyektlariga berilgan mablag‘larning milliondan biri ham qaytmagan.
Uchinchidan, bunaqa o‘yinlaridan yakunda baribir hukumatning o‘zi va undan ham ko‘proq xalq yutqazadi. Chunki strelkalar ters burilib, konlarni, pudratlarni o‘zlashtirib, samarasiz va qimmatlashtirilgan milliardlab dollarlik loyihalarni o‘zlashtirgan asl aybdorlar chetda qolib ketaveradi. Ular o‘tgan 6 yilda o‘zbekistonliklarni qanday talab kelishgan bo‘lsa, shunday talashda davom etaverishadi.
Signal bo‘lmagan signal
Agar islohotlar qilinmasa, bizni kutayotgan og‘ir oqibatlar haqida, tizim zaxirasi tugab bitgani borasida butun 2022 yil davomida dod-voy solib kelgan Sherzod Xodjayevning va ishonchli boshqaruv yoki tekinga berib yuborilgan gaz quduqlari va IESlar zararli yuklamasini ham olgan IES AJ rahbari Abdurahmonovning isteʼfoga chiqarilishi, Ortiqxo‘jayev o‘rniga Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganidan bir martali o‘zgarishlar davom etaverishi, lekin hech qanaqa islohot yuz bermasligini prognoz qilish mumkin.
Maqsadli ravishda energetika tizimining ichidan yemirilishi, o‘g‘rilar, layoqatsizlar va sotqinlarning hujumlari va zarbalari davom etadi.