Shu savolga ancha avval, Karimov zamonida haqiqatga yaqin afsona eshitgandim. “doktorlarning oyligini oshirishi kerak bo‘lganlar doktorlar ularning oldiga kelgan bemorlardan oylik maoshi qancha katta bo‘lishidan qatʼiy nazar baribir pul olishini, mehribon xalqimiz doktorlarga ko‘ngildan chiqarib, rozi bo‘lib baribir pul qistirib ketishini bilgani, shunday o‘ylagani uchun ham doktorlarning oyligini oshirmaydi”, deyishgandi u yoki bu narsa nega aynan shundayligini hammadan yaxshiroq biladigan (har holda, o‘zini shunday deb hisoblaydigan) ko‘pni ko‘rgan kattalar.
Amaldagi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning “5,5 mln. so‘m oylik olayotgan rahbar shifokorlarimizga, agar ular bemorlarga mehr bilan qarasa, odamlar baribir ko‘ngildan chiqarib, rozi bo‘lib, barakasini berib ketishi” haqidagi gaplari dodam zamonida eshitganim “doktorlarning oyligini oshirishi kerak bo‘lganlar shunday o‘ylaydi” degan gaplarning haqiqatga yaqinligini isbotladi. Faqat Amrillo Inoyatovning o‘zi shunday fikrda ekan, deb o‘ylamaslik kerak, menimcha: 2019 yil noyabrda o‘sha vaqtda sog‘liqni saqlash zam ministri bo‘lgan Abduhakim Hojiboyev ham “doktorlarning maoshini oshirishga hojat yo‘q”, degandi (bir yil o‘tib vazir etib tayinlangan.
Xo‘p, doktorlarning oyligi nega kamligi tushunarli bo‘ldi. Ikkinchi (yoki birinchi) eng zaif qatlam – o‘qituvchilarning oyligi nega kam (edi)? Ko‘pni ko‘rgan kattalarning bu haqdagi izohidan bexabarman, aftidan, ularning faqat shifokorlarga doir gaplarini eshitganman-ov. Lekin, bunday qaraganda, endi men ham katta bo‘lib qoldim, biror izoh bersam bo‘lar: ularning oyligini oshirishi kerak bo‘lganlar, ehtimol, “o‘qituvchilarning oyligini qanchalik oshirmaylik, ular baribir repetitor bo‘lib qo‘shimcha ish qilaveradi”, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Avvallari, demoqchiman-da. Hozir o‘qituvchilarning maoshi uncha-muncha yaxshi bo‘lib qolgan, shekilli, a?