2023 yil uchun fuqarolar uchun byudjetda bir nechta raqamlar eʼtiborimni tortdi. Xususan, 2023 yilda QQS bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilga nisbatan 24,2% ga o‘sishi prognoz qilingan. Xabaringiz bor, joriy yildan QQS stavkasi 15% dan 12% ga tushirilgan edi. Xo‘sh, soliq stavkasi pasaytirilgan hamda qandaydir jiddiy imtiyozlarning bekor qilinishi kutilmayotgan sharoitda qanaqasiga QQS bo‘yicha tushumlarni 24% ga oshirish mumkin?
Agar importning o‘sishi hamda YAIMning nominal o‘sishidan foydalanib joriy yilda kutilayotgan qiymati bo‘yicha QQSni hisoblasak, QQS bo‘yicha tushumlar taxminan o‘tgan yilgi darajada shaklananishini ko‘ramiz (biroz oshishi mumkin). Xususan, 2022 yilda 258 trln so‘mlik import tovarlaridan QQS to‘langan bo‘lsa 218 trln so‘mlik mahalliy tovarlardan QQS undirilgan (qaytarish hisobga olinmaganda, QQSni qoplab berish bilan yuqoridagi raqamlar(birgalikda) taxminan 90 trlnga kamaydi). Agar, importning o‘sishi bo‘yicha hozirgi prognozlar 15% ekanligini hisobga olsak, unda joriy yilda import tovarlarini QQS ga tortishdan, prognoz qilingani kabi 43,6 trln emas balki 35,6 trln so‘m mablag‘ byudjetga tushadi. Mahalliy mahsulotlarni QQSga tortishdan esa reja qilingani kabi 35,6 trln emas balki 30,3 trln atrofidagi mablag‘ byudjetga kelib tushadi(qaytarish hisobga olinmagan). Taʼkidlash kerakki, yuqoridagi hisob kitoblar bilan mahalliy tovarlarni QQSga tortishda keladigan tushum 2022 yilga nisbatan o‘smaydi balki taxminan 2,5 trln so‘mga kamayadi. Agar joriy yilda QQSni qaytarish kamayishi prognoz qilinayotganligi hisobga olgan taqdirimizda ham QQSdan tushumlar 24% ga o‘sib qolmaydi.
Joriy yilda QQSdan tushumlarni 24% ga oshirish mumkinmi?
Albatta mumkin. Bunday natijaga erishish yirik soliq imtiyozlarini bekor qilish bilan amalga oshirilishi mumkin. Boshqachasiga, QQS tushumlarini 24% ga oshirish judayam qiyin(balki ilojsiz ham). Aytgancha soliq yukining pasayishi natijasida shu vaqtgacha soliq to‘lamagan(yoki qisman to‘lamagan)lar endi soliq to‘lashni boshlashi ham soliq tushumlarini oshirishi mumkin. Ammo katta ehtimol bilan hozirgi holatda yangi soliq to‘lovchilarning qo‘shilishi amalda soliq tushumlarini o‘stirish uchun yetarli bo‘lmaydi.