2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Har safar shunaqa dahshatli keyslar yuz berganda qurbonlar, yo‘qotishlar va og‘riqlar bejizga bo‘lgan bo‘lmasin deymiz. Lekin hammasi bejizga bo‘lgan bo‘ladi. Shunchaki Qurbon bergan bo‘lamiz. xulosalar va o‘zgartirishlar qilinmaydi. Voqealar qayta va qayta takrorlanadi.
Davlat kuch ishlatish monopoliyasini ishlatmay qo‘yganida esa qo‘rquv yana-da avj oladi. Go‘yoki adolatni qaror toptiradigan Ko‘chaga, boshqa zo‘ravonlarga appelyatsiya paydo bo‘ladi. Bu esa zo‘ravonlik zanjirini uzmaydi, ikkinchi halqaga o‘tkazadi.
Nomenklatura uning aʼzolariga agar xiyonat bo‘lmasa, jazo yo‘qligini bilib qoldi, bunga yetarlicha va ochiqcha ishoralar oldi. O‘g‘irlikmi, o‘zlashtirishmi, mansabidan foydalanishmi, zo‘rlashmi, farqi yo‘q. Qo‘rquv to‘liq yo‘qoldi. O‘zlarini alohida, daxlsiz kasta hisoblay boshlashdi.
Katta o‘g‘rilar mustahkam himoya ostida ekanini nafaqat ko‘rdik, bu oshkora namoyish qilindi. Qonun sharhlovchilari hatto buni norma sifatida ko‘rsata boshladilar. Qabul qilinglar, boshqa ilojinglar yo‘q, bu istisno emas, bu qoida deyishdi, kechagina.
Ular ilgari qattiq qo‘rqishardi. Xalq qo‘rquvi bir bo‘lsa, ularning qo‘rquvi o‘n edi. Ha, bu juda yomon edi. Qo‘rqmanglar, sizlar taʼqibdan ozodsizlar deyishdi ularga. Ular avval ishonishmadi, bir zo‘rlik, ikkinchi o‘g‘irlik qilib ko‘rishdi. Jazo o‘rniga ko‘z qisdilar. Demak, mumkin.
Yomon Sulaymon o‘lgan edi. Devlar esa qutulgan. Lekin qoidalar-chi? Devlarni jilovlovchi, qachon chiroqdan chiqish, qachon chiroqqa qaytib kirish, chiroq egalariga hisob berish qoidalari yo‘qmi? Yo‘q. Devlar istasa, chiroq egalarini chiroq ichiga tiqib yuborishi mumkin bo‘ldi.
Yetuk Millat otalari o‘zlari uchun qonunlar ishlab chiqishadi va ularni hamma uchun tadbiq etadilar. Qoloq Millat otalari qonunlar ishlab chiqishadi va ularni o‘zlaridan boshqa hammaga tadbiq etishadi.
