“Qo‘yliq bozori” aksiyadorlari ixtiyoriy tugatilishga qarshi bo‘lushganligiga qaramasdan bozor tugatildi

2024 yil 31 yanvar kuni o‘tkazilgan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida “Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” AJ aksiyadorlari bozorni ixtiyoriy tugatish haqidagi masalaga 100% qarshi ovoz berishgan.

Bu hali hammasi emas. Bozor kuzatuv kengashining 2024 yil 24 yanvardagi qarori bilan nominal qiymati 53,9 mlrd.so‘mlik 36 397 681 dona aksiya chiqarilishi maʼqullangan va 28 fevral kuni ushbu chiqarilishi davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Tasavvur qilayapsizmi? Tugatilishidan bir kun avval aksiyalar chiqarilishi ro‘yxatdan o‘tayapti. Tugatilmoqchi bo‘lgan jamiyat qo‘shimcha aksiya chiqaradimi? Aksiyalar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadimi?

Bozor o‘z faoliyatini ixtiyoriy tugatishi to‘g‘risidagi qaror 29 fevral kuni qabul qilingan va oradan 12 kun o‘tib eʼlon qilingan. Lekin bu qaror bilan 24 yanvardagi ixtiyoriy tugatilishga qarshilik aks etgan qaror bekor qilinmagan.

Kichik xulosa qilganda, “Qo‘yliq bozori”ning apil-tapil tugatilishi barcha belgilariga ko‘ra aksiyadorlarning va bozor boshqaruvchilarining qarori emas. Bu qip-qizil maʼmuriy bosim ostidagi o‘zbilarmonlik va masalaga jiddiy yondashilsa, bir necha protseduralar buzilganini ham aniqlash mumkin bo‘ladi.

Yana qizig‘i, yuzlab qarz va kreditlar ilingan va bankrotlik yoqasida bo‘lgan va zarar ko‘rib ishlayotgan AJ lardan farqli ravishda “Qo‘yliq bozori” moliyaviy holati juda mustahkam bo‘lgan, 43 mlrd.so‘mdan ortiq jami aktivlarining 99%dan ziyod manbai o‘z kapitaliga tayangan.

Eng asosiy xulosa shuki, “Qo‘yliq”ning kunpayakun qilinishi O‘zbekistonda mulkdorlar va aksiyadorlar huquqi manfiy qiymatga ega ekanini yana bir bor isbotladi. Oligarxlar bilan kelishib olgan bir to‘p chinovniklar istasa, siz bu huquqdan bir kunda mahrum bo‘lasiz.

Bunday muhit va makonda faqat o‘g‘ridan-o‘g‘ri investorlar o‘zini baliqdek his etadi.