Gaz va neft qazib olish kamayishiga qaramasdan xorijga eksport davom etishi to‘g‘rimi?

Bu savolga javob olish uchun so‘roqqa tutilishi lozim bo‘lganlar hech bo‘lmasa shu murakkab evrilish kunlarida yuz ko‘rsatishi, xatolarni tan olishlari, mard bo‘lib masʼuliyatni bo‘yniga olishlari kerak edi. Lekin, ular hozir juda muhim bo‘lgan vazifa — xalq va biznes bilan kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yish o‘rniga orqavarotda berkinib, sohani shimoldagi og‘alari foydasiga zimdan cho‘ktirishda va o‘zlashtirishga asoslangan samarasiz boshqaruv bilan iqtisodiy degradatsiyani tezlashtirishni maʼqul ko‘rishmoqda.

Mart oyi davomida gaz qazib olish yana qisqargan. Oy davomida 3,9 mlrd.kubdan kamroq gaz qazib olingan (o‘tgan yilning martida 4,2 mlrd.kub). Solishtirish uchun, 5 yil avval, hali o‘nlab gaz konlari cho‘ntaklar va shimolliklar foydasiga armug‘on qilib ulgurilmagan 2019 yilning martida 5,3 mlrd.kub gaz qazib olingan.

Neft qazib olish 60,6 ming tonnagacha qisqargan, o‘tgan yilning martiga nisbatan pasayish 7,6 ming tonnani tashkil etgan.

Neft qazib olish bilan sinxron qulayotgan benzin ishlab chiqarish hajmi 119.5 ming tonnani tashkil etgan (o‘tgan yilning tegishli davri bilan solishtirganda 1,9 ming tonna kam).

Sanoat mahsulotlari orasida sement ishlab chiqarishning 216,4 ming tonnaga, 905,5 ming tonnagacha qisqargani eʼtiborni qaratmasligi mumkinmas. Chunki sementchilar uchun soliqlar 2024 yilda qariyb 4 barobarga kamaytirib berilgan edi.

Gaz importiga qaramlik ortayotganiga qaramay, gaz eksporti to‘xtamagan

“Uchta O‘zbekistonni boqadigan gazga ega O‘zbekistonni” shimoldagi og‘alarining gaz importiga o‘tkazib qo‘yganlar iqtisodiy mantiqdan tashqari bo‘lgan shu harakatni tushuntirib berishlaridan umid qilmang.

Nima bo‘lgandayam, birgina mart oyida 193,5 mln.dollarlik gaz import qilingan. Solishtirish uchun, 2023 yilning 6 oyida taxminan shuncha gaz import qilingandi.

Gaz qazib olishning qisqarishi va importning karrasiga oshganiga qaramay, o‘tgan oyda 18,7 mln.dollarlik gaz ekspoprt qilingan.

Tashqi savdoda importning sunʼiy cheklovlar bilan qisila boshlagani uning mundarijasida ko‘rina boshlagan. Xususan, mart oyida avtomobillar importi 246,2 mln.dollarni tashkil etgan. Bu miqdor fevralda 319,8 mln.dollar, yanvarda 398,5 mln. dollardan iborat edi. Bu siyosat O‘zbekistonda import bilan shug‘ullanuvchi rasman ikkita, biri avtomobil, ikkinchisi elektromobil import qiluvchi monopolist chayqovchi qolishi bilan yakun topsa kerak.

O‘zi umuman, importga to‘siqlar qo‘yish bilan uni cheklash yaqin gorizontda eksportni ham qisqarishiga olib keladi. Dastlabki 3 oyda bu kartina ko‘ringani yo‘q, lekin yil oxirigacha tendensiyalar yaqqol namoyon bo‘lishni boshlaydi.

Darvoqe, tovarlar importiga taqiq va to‘siqlarning kengayishi doim xizmatlar importining potirab o‘sishiga olib keladi. Yakunda xizmatlar importiniyam biron soxta predlog topib yopishga to‘g‘ri keladi.