O‘zbekistonning eng qimmat va foyda ko‘p keltiradigan korxonasi NKMKning 2% aksiyasi nega Davaktiv hisobiga o‘tkazilgan?

Davaktivning o‘ziga xos reputatsiyasi va ayniqsa, eng jozibali davlat aktivlarini yashirin “xususiylashtirish” bo‘yicha kengayib borayotgan tajribasi hisobga olinsa, bu judayam xavotirli qadam. Eʼtiborlisi bu haqda biron bir ochiq maʼlumot berilmagan. Prezidentning 83- sonli qarori avvalgi va keyingi tahrirlarida ham NKMKning 100% ulushi aksiyadori o‘laroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘rsatilgan.

Ehtimolki, NKMK 2% ulushining Davaktiv hisobiga o‘tkazilishi qandaydir yopiq yoki maxfiy qaror bilan amalga oshgan. Davaktiv nazoratiga o‘tkazilgan ulushlarni O‘zbekistonni talayotgan oligarxlarga yashirin “xususiylashtirish” sxemalari orqali qanday “sovg‘a” qilishi mumkinligini bilsangiz kerak.

Agarda ertaga NKMKdan ham mahrum bo‘lib qolishni istamasak O‘zbekistonliklar, OAV, faol jamoatchilik NKMKning 2% aksiyasi taqdirini va joyiga qaytarishlarini so‘rashi kerak!

O‘zbekistonning eng katta soliq to‘lovchisi NKMK g‘orat bo‘lgan neft va gaz aktivlari taqdirini takrorlashi mumkinligi bo‘yicha xatarlar yildan yilga oshsa oshmoqdaki, kamayayotgani yo‘q.

Kombinatning moliyaviy natijalari 2022 yildan buyon yomonlashib bormoqda. Chetdan jalb qilingan “menejerlar” o‘tkazayotgan “transformatsiya” xarajatlarni pasaytirish o‘rniga ko‘paytirayotganini avval ham yozgan edik.

2023 yilning dastlabki 6 oyi ham bundan istisno bo‘lmagan (2023 yil yakunlari bo‘yicha hisobot hali eʼlon qilinmagan, NKMK milliy standartlar bo‘yicha moliyaviy hisobotlarni umuman eʼlon qilmaydi).

Demak, 2023 yilning 6 oyida tushum ortganiga qaramay, xarajatlar o‘sgani uchun sof foyda 841 mln.dollardan 774 mln.dollargacha qisqargan (foydadan soliqlar 619 mln.dollardan 547 mln.dollargacha). To‘langan dividendlar 454 mln.dollardan 326 mln.dollargacha kamaygan.

Konlar va foydali qazilmalarga bo‘lgan huquqlarning qiymati 4 007 mln.dollardan 3 864 mln.dollargacha qisqargan.

Kredit va qarzdorlikning hajmi deyarli o‘zgarishsiz qolayotgan bo‘lsada, o‘rtacha stavkasi 6,73%dan 8,57%gacha ko‘tarilgan (barcha qarzdorliklar dollar va yevroda nominatsiyalangan).

Darvoqe, NKMK kuzatuv kengashida Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi vakillari paydo bo‘lgan (qandaydir “mustaqil aʼzo” va Davaktiv vakili yangi tarkibdan daf bo‘lgan).

Kengashning yangi tarkibi vaziyatni qanchalik o‘zgartira olishi savol ostida. Ochiqlangan oxirgi muhim faktlarga ko‘ra, NKMK o‘z aktivlarini tekinga taqdim qilishni davom etmoqda. Xususan, Janubiy kon boshqarmasiga qarashli bo‘lgan Kadrlar tayyorlash bo‘limi binosi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazini joylashtirish uchun Davaktivga o‘tkazib berilgan.