BYD‘mi yo GM, farqi yo‘q, “O‘zavtosanoat” xalq arzon elektromobillardan foydalanishini istamaydi  

Ikki yil avvalgi xavotirlar reallashdi: Asakadagi zavodida ishlab chiqarilgan ulovlari ketmay qolgan “O‘zavtosanoat” endi elektromobillar bozorini o‘ziniki qilib olmoqchi.

O‘zbek monopolistlari, oligarxlari va chinovniklarini nima birlashtirib turadi, bilasizlarmi? Ularning hammasi Raqobatdan haddan tashqari qo‘rqishadi. Chunki Raqobat ularning aslida kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yadi.

“O‘zavtosanoat”, albatta bu ro‘yxatda istisno emas.

Shu maʼnoda “mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega bo‘lmagani uchun tartibsiz importni cheklash” ko‘rinishidagi jimjimador formulirovkaning o‘zbekchasi bu BYD  avtomobillarining importini faqat “O‘zavtosanoat” va uning sho‘balari yoki kelishib olingan oligarxlar amalga oshiradi, degani.

“O‘zavtosanoat” nazaridagi “tartibli import” bu Xitoyda 10 ming dollar bo‘lgan elektromobillar importini to‘xtatish,15 ming dollarlik elektromobilni esa 30 ming dollardan bir qo‘lli qilib sotish degani. Yaʼni O‘zbekistonliklarni ayovsiz talash, tinimsiz talash, tanlovsiz talash degani.

Qolgani — JST,  isteʼmolchilarning manfaatlarini himoya qilish degan vajlar, uzrku-ya, 30 yillik quruq gaplar.