“Yoshlik-1” koni negizidagi 3-mis boyitish fabrikasi qachon ishga tushadi?

O‘tayotgan haftada geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi va yangi urush o‘choqlarining paydo bo‘lish ehtimoli oltin narxini mutlaq yangi rekord 2 430 dollargacha, mis narxini esa 2 yillik maksimum 9 600 dollargacha ko‘tardi.

Tabiiyki, bunday qulay konyunktura doimiy saqlanib turmaydi.

Shu o‘rinda, O‘zbekistonda asr loyihasi deb atalgan, qariyb 5 mlrd.dollarlik Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish bo‘yicha ishga tushirish muddatlarini ayni kontekstda eslab ketmasa bo‘lmaydi.

Gap shundaki, loyihaning 2 mlrd.dollarlik qismi — “Yoshlik» mis konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichi yakuniga yetkazib, 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3-misni boyitish fabrikasini ishga tushirish” o‘tgan yili sentyabrda yuz berishi kerak edi. Davlat dasturida belgilangan bu muddat o‘tib ketganiga 7 oydan oshdi. Fabrika ishga tushgani yo‘q.

Fabrika qurilishini qimmat pudratchiga tendersiz topshirishda (O‘zbekistonning hamma bilgan yagona pudrat qiroliga) asosiy omil o‘laroq aynan vaqtdan yutish bo‘lgandi. Lekin amalda vaqtdan ham, puldan ham yutqazilmoqda. 7 oyga va bundan keyingi kechikishlardan boy berilayotgan moliyaviy manfaatlar qancha? Uni kim qoplaydi? Bitimlarda bu ko‘zda tutilganmi?

Maʼlumot o‘rnida, oxirgi 7 yilda vaqtdan yutamiz, deya tendersiz, karrasiga qimmatlashtirilgan mega loyihalarning birontasi o‘z muddatida ishga tushirilmagan. O‘zi bu usul shunchaki karrasiga qimmatlashtirilgan loyihani tendersiz o‘tkazib olishning bir metodichkasiga aylanib qolganmi?

Yangi davr boshlangan ilk umidli yillarda bir dolzarb shior bo‘lardi: Talab – muddat, zamon – shiddat. Shu shiorni yana esga olish vaqti keldi.