Noxush ishora: O‘zbekistonda ajrimlar ko‘payib tug‘ilish kamaymoqda

2024 yilning yanvar-fevral oylarida 137 457 nafar tirik tug‘ilish holatlari qayd etilgan. Bu 2023 yilning tegishli davriga (141 090) nisbatan 3 631 (2,6%) nafarga kam.

O‘zbekistonda yillik tug‘ilish soni 2018 yildan buyon uzluksiz o‘sib kelayotgan edi. Teskari tendensiya muvaqqat chetlanishmi yoki yangi tendensiyaning boshlanishimi, xulosa chiqarishga ancha erta.

Lekin ayrim trendlar bu holat davom etishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Birinchidan, qayd etilgan nikohlar soni ikkinchi yil ketma ket qisqarmoqda va 2023 yilda yangi davrdagi eng kam nikoh ro‘yxatga olingan (283,8 ming). Bundan kamroq ko‘rsatkich 2016 yilda qayd etilgan (275,0 ming).

Ikkinchidan, ajralishlar soni sunʼiy byurokratik to‘siqlarga qaramay, 2023 yilda barcha davrlardagi maksimumga 49,2 mingga yetgan. Bu raqam mavjud reallikni ifodalamasligi va avvalgi yillardagi to‘siqlarning yumshatilishi effekti bo‘lishi ham mumkin.

Uchinchidan va bu eng asosiysi, daromadlarning o‘sishi keskin sekinlashgani. 2023 yilda jon boshiga real daromadlar o‘sishi pandemiya yilini hisobga olmasa, oxirgi 7 yildagi eng past ko‘rsatkichgacha sekinlashgan (2,4%). 5 ta hududda esa real daromadlar qisqargan.

O‘zi yangi davrda tug‘ilishning keskin ortishi daromadlarning o‘sishi bilan yuqori korrelyatsiyada bo‘lgan edi. Tug‘ilish dinamikasi uzoq muddatli trendi yana urbanizatsiya, gender chaqiriqlari, migratsiya, ertangi kunga ishonch kabi ko‘plab omillar taʼsiri ostida shakllanadi.