2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Avval ham ko‘p taʼkidlaganidek, muammolarimiz ildizi anomal sovuqda emas. Qaytanga anomal sovuq muammolarning asl sababini ko‘rsatmay, oqlab berishga, xaspo‘shlashga, strelkalarni aybdor va o‘g‘rilardan chetga burishga yordam berishga rosa qo‘l keldi.
Fikrimizni fevral oyida prognoz qilingan va amalda ham ancha iliq kelgan harorat fonida energetikadagi salbiy tendensiyalar davom etgani tasdiqlamoqda.
Demak, rasmiy statistikaga ko‘ra, fevral oyida 3,8 mlrd kub gaz qazib olingan. Bu 2022 yil fevralidagi ko‘rsatkichga (4,2 mlrd kub) nisbatan 9,0%ga kam. Yanvardagi sovuqlar sharoitida gaz qazib olish 2022 yil yanvariga nisbatan 7,5%ga kamaygan edi. Ko‘rinayaptiki, hech qanday anomal sovuqsiz ham gaz qazib olishning qisqarishi yana-da tezlashgan.
Xuddi shunday, elektr generatsiyasida ham “yanvar2023/yanvar2022”ga nisbatan qisqarish “fevral2023/fevral2022”da biroz tezlashgan. Generatsiyaning o‘tgan yilning tegishli oyiga nisbatan qisqarishi 2,0%dan 2,3%ga yetgan. Darvoqe, bir necha kun avval Energetika vazirligi yanvar-fevralda elektr ishlab chiqarish 4%ga oshgani haqida maʼlumot bergandi. Energetika vazirligining maʼlumoti yana statistika agentligi hisoblariga to‘g‘ri kelmagan.
Milliy energetikada muammo tizimli va bu kuf-suf choralar bilan tuzalib qolmaydi.
Umuman olganda fevralda ham sanoat ishlab chiqarish tiklanmagan. O‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 3,9% qisqarish qayd etilgan. 10ta hududda sanoat ishlab chiqarish o‘tgan yil tegishli davri darajasiga yetmagan.
Xitoy statistikasi ilk marta O‘zbekistondan gaz importini qayd etmagan
Fevral yakunlari bo‘yicha Xitoy statistikasi O‘zbekistondan gaz importi yuz bermaganini qayd etgan. Eʼtiborlisi, O‘zbekiston turkman gazi tranzitini davom ettirgan, lekin bu ham statistikada aks etmagan. Ilgari o‘zbek va xitoy statistikasidagi katta farq tranzit narxi hisobiga ekani bilan xaspo‘shlanardi.
O‘zbekiston statistikasi bo‘yicha esa xuddi yanvardagidek 3,7 mln.dollarlik gaz eksporti ko‘rsatilgan. Qo‘shimcha maʼlumot olish uchun, mamlakatlar kesimida tafsilotlarni ochmaydigan o‘zbek statistikasiga emas, qo‘shni davlatlar statistikasiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Katta ehtimol, gaz eksporti Qirg‘iziston va Tojikistonga davom etmoqda. Lekin negadir Tojikiston statistika agentligi sayti bloklanib qolgan. Qirg‘iziston statistikasi esa yanvarda 1,1 mln dollarlik o‘zbek gazi import qilinganini qayd etgan.
Ana shunaqa gaplar…
Manba
